Sankt-Peterburgda o‘zbek fuqarosini o‘ldirgan 15 yoshli maktab o‘quvchisi qo‘lga olindi
Mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi Leningrad viloyati tergov organlarining rasmiy ma’lumoti asosida 2019 yil 28 iyun kuni Vsevolojsk tumani Leskolovo qishlog‘ida janjal oqibatida O‘zbekiston fuqarosi X.R. o‘ldirilganini tasdiqladi. Jinoyat qidiruv xodimlari tomonidan 29 iyun kuni mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchi Sankt-Peterburglik 15 yoshli maktab o‘quvchisi qo‘lga olingan.
"Bosh konsulxona tomonidan vaziyat nazoratga olingan hamda tergov organlari bilan aloqa o‘rnatilgan", - deyilgan TIV xabarida.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan hamda eslatishicha, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk oblasti, Kaliningrad oblasti, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad oblasti, Murmansk oblasti, Nenets avtonom okrugi, Novgorod oblasti, Pskov oblasti, Sankt-Peterburg shahri, Vologda oblasti) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.