Sardor Surxondaryoda viloyatimiz sha’nini munosib himoya qildi

Surxondaryo viloyatida har uch yilda bir bor o‘tkazib kelinadigan «Akademik va estrada ijrochiligi» respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarining jonli ijrodagi iste’dodi, mahoratini aniqlash, ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tanlovda 700 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Unda Samarqand shahridagi 3-son Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Sardor Mirkamolov klarnet cholg‘u asbobidagi ijrosi uchun ikkinchi o‘ringa munosib topildi.

- 5 yildan buyon musiqa maktabida klarnet cholg‘u asbobini chalish, ohanglar yaratish bo‘yicha tahsil olaman, - deydi Sardor Mirkamolov. – Klarnet puflab chalinadi, asosan Germaniya va Fransiya davlatlarida rivojlangan. Bundan tashqari, gitara chalishga ham qiziqaman. Bo‘sh vaqtlarimda suzish bilan shug‘ullanaman. Oldimga bir maqsad qo‘ydimmi, unga erishmaguncha yo‘limda davom etaveraman.

Sardor Mirkamolov joriy yil o‘tkazilgan «San’at g‘unchalari» XXI respublika tanlovida ham 3-o‘rinni egallab, viloyatimiz sharafini munosib himoya qilgan edi.

Sarvar ShODMONOV,

musiqa maktabi o‘qituvchisi.