Sarhisob: Agrar tarmoqda ko‘rsatkichlar qanday?
Qishloq xo‘jaligi sohasi bugungi kunda iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylandi. Keyingi yillarda sohada qayta ishlash, logistika tarmoqlari, mahsulotni saqlash va eksport qilish imkoniyatlari kengaydi. Yangi ish o‘rinlari ko‘paydi. Asosiysi, dehqonchilikda ilm-fan yutuqlari, innovatsion ishlanmalar, yangi texnika va texnologiyalardan foydalanilmoqda.
Maydon o‘zgarmasdan hosildorlik ortmoqda
Joriy yilda viloyatimiz paxtakorlari 73,2 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishladi. Paxta hosildorligi gektariga o‘rtacha 40 sentnerga yetdi. Viloyatdagi paxta yetishtiruvchi 2217 fermer xo‘jaligi 59,2 ming gektar yerda ertapishar 6,6 ming gektarda mahalliy yangi navlar hamda 7,3 ming gektarda xorijiy navlar ekdi. Shu o‘rinda e’tibor qaratadigan jihati, o‘tgan yil bilan solishtirilganda g‘o‘za ekin maydoni o‘zgarmagan bo‘lsa-da, hosildorlik gektariga 3,8 sentnerga yoki 27 ming tonnaga oshdi. Yetishtirilgan hosilning 19 foizi terim mashinalari yordamida yig‘ishtirib olindi.
94,2 ming gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekilib, 725,1 ming tonna hosil tayyorlandi. O‘rtacha hosildorlik gektariga 77 sentnerni tashkil etdi. Raqamlar o‘tgan yil bilan solishtirilganda maydon o‘zgarmagan holda hosildorlik gektariga 3,2 sentnerga, yetishtirilgan hosil esa 29,6 ming tonnaga oshgani ma’lum bo‘ladi.
Oziq-ovqat xavfsizligi - asosiy vazifa
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishining asosiy maqsadi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Shundan kelib chiqib, 2024 yil hosili uchun 33084 gektar sabzavot ekinlari, 1165 gektar poliz ekinlari 20 ming gektar asosiy maydonda kartoshka ekildi.
Viloyat aholisini 2024 yilda 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (kartoshka, piyoz, sabzi, un, guruch, go‘sht, o‘simlik moyi, go‘sht, parranda go‘shti, tuxum va sut) bilan ta’minlash chora-tadbirlari belgilandi. Bu boradagi rejalar ortig‘i bilan bajarildi. Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish, aholi tomorqalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari yerlari, ayniqsa, dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hisobiga ichki bozorda narxlar barqarorligi ta’minlandi.
Chorvachilik eng muhim tarmoqlardan
Viloyatda qoramol bosh soni 1,7 millionga yetdi va o‘sish 102 foizni tashkil etdi. Xo‘jaliklarda 326,2 ming tonna go‘sht (tirik vaznda) tayyorlanib, 1 million 40 ming tonna sut ishlab chiqarildi.
Chorva mollari naslini yaxshilash uchun xorijdan 3900 bosh qoramol va 13275 bosh qo‘y-echki olib kelindi. Qiymati 760,1 milliard so‘mlik 458 ta loyiha ishga tushdi va 2553 ta ish o‘rni yaratildi. Hozirgacha 388 ta qoramolchilik (652,8 milliard so‘m), 25 ta parrandachilik (57,5 milliard so‘m), 29 ta baliqchilik (18,7 milliard so‘m), 10 ta qo‘y-echkichilik (21,8 milliard so‘m), 5 ta asalarichilik (7,6 milliard so‘m) loyihalari amalga oshirildi. Ozuqa bazasini mustahkamlash uchun asosiy maydonlarda 16,1 ming gektarda ozuqabop ekinlar ekildi. 31 ta intensiv texnologiya asosida ozuqa ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilda viloyatda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 600 milliard 670 million so‘mlik 82 ta loyiha ishga tushirildi.
Yil yakuni bilan barcha toifadagi xo‘jaliklarda qoramollar bosh sonini 1 million 804 mingga yetkazish rejalashtirilgan.
“Yetti xazinaning biri” bo‘lgan parranda soni 15,3 million boshni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 107 foizga oshgan. Sohada 166 ming tonna parranda go‘shti yetishtirilgan, 1,3 milliard dona iste’mol tuxumi ishlab chiqarildi. Darvoqe, parrandachilik sohasida viloyatimiz respublikada yetakchi sifatida e’tirof etiladi. Hozir viloyatda 213 ta parrandachilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Viloyatdagi 513 ta baliqchilik xo‘jaligi 1,034 ming gektar sun’iy suv havzasi va 2,3 ming gektar tabiiy suv havzasida faoliyat yuritmoqda. Mavsum davomida suv havzalaridan 17,9 ming tonna baliq ovlandi, 398 gektar sun’iy suv havzalari intensivlashtirildi. Bu sohada umumiy qiymati 18,7 milliard so‘m bo‘lgan 29 ta loyiha ishga tushirilib, 185 ta ish o‘rni yaratildi. Yaqin yillargacha baliqchilik xo‘jaliklari boshqa viloyatlardan baliq chavoqlari keltirardi. Endilikda viloyatdagi baliq chavoqlari yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jaliklarda 60 gektar maydonda reproduktor havzalar ishga tushirilib, ularning maydoni 470 gektar quvvati 42 million donaga yetkazildi.
Asalari oilalari soni 98 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 113 foizga oshdi. Jami 1,3 ming tonna asal yetishtirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan foizga ko‘paydi. “Har bir oila - tadbirkor” davlat dasturi doirasida 1150 ta aholi xonadonida tijorat banklarining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan 11,5 mingdan ortiq asalari oilasi boqilishi yo‘lga qo‘yildi.
2023 yilda qiymati 116,1 milliard so‘mlik 321 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi xarid qilingan bo‘lsa, 2024 yilda 174,4 milliard so‘mlik 650 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi sotib olinib, texnika ta’minoti 84 foizdan 87 foizga yetkazildi.
Suv tejovchi texnologiyalar muammoning yagona yechimi
Bu yil viloyat bo‘yicha 28 ming gektar ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Buning hisobiga 78 million metr kub suv iqtisod qilinishiga erishildi.
Eksport salmog‘i ortmoqda
2023 yilda viloyatimizdan 172,3 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilingandi, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 355 million dollarni tashkil qildi.
Meva-sabzavotni saqlash uchun viloyatda 211 ming tonnalik 10 ta agrologistika markazi hamda 200 ming tonnalik 251 ta sovutkichli omborxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda loyiha qiymati 90,8 million dollarlik yana 8 ta sovutkichli sig‘imlar loyihasi amalga oshirildi.
Bugun viloyatda 12 ta paxta-to‘qimachilik, 11 ta g‘allachilik, 12 ta meva-sabzavotchilik, 6 ta kartoshkachilik va 1 ta dorivor o‘simliklar agroklasteri faoliyat ko‘rsatmoqda.
Investitsiya dasturi doirasida 3,02 trillion so‘mlik 145 ta loyihani ishga tushirish hisobiga 2400 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalari doirasida jami 146,3 mingta ish o‘rni yaratilmoqda.
Ipakchilik va jun sanoati e’tiborga muhtoj daromadli sohalar
Ko‘p yil davomida ipakchilikka yetarlicha e’tibor qaratilmadi. Natijada, ipak qurti boqishga ishtiyoq pasaydi, majburiyatlar qog‘ozda bajarilgan holatlar ham bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohaga e’tibor kuchaytirildi. Ipak qurti boquvchilar uchun rag‘bat kuchaydi, mavsumda ipak qurti boqqanligi uchun ish staji hisoblanadigan bo‘ldi. Ipak qurti xomashyosi bo‘lgan tut daraxti ekilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda 11,4 million tup tut ko‘chati ekildi va 60,3 ming quti ipak qurti boqilib, 3558 tonna pilla xomashyosi tayyorlandi. Sohada 66 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi, 11 ta qayta ishlovchi korxonada 246 milliard so‘mlik ipak mahsulotlari ishlab chiqarildi. 20 million dollarlik mahsuloti eksport qilindi.
To‘qsonbosti qishki daromad
Dehqonchilikda “to‘qsonbosti” usuli dehqonlarimiz tomonidan qadimdan qo‘llab kelinadi. Bu usulda ekilgan urug‘ 90 kunlik qishni qor ostida o‘taydi. Shu sababdan ham bu usulni dehqonlarimiz “qorbosti” yoki “to‘qsonbosti” deb atashadi.
To‘qsonbosti usulida ekish sovuqqa chidamli sabzavotlardan erta ko‘klamda arzon va mo‘l sabzavot yetishtirish imkonini yaratish barobarida, kundalik oziq-ovqat mahsulotlari tanqis “ilik uzildi” paytida ichki bozor ehtiyojini qoplaydi, eksport imkoniyatlarini kengaytirib dehqonlarni boyitadi.
Bu yilgi mavsumda 2025 yil hosili uchun barcha toifadagi ho‘jaliklarda 70 ming 379 gektar maydonda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilmoqda.
Bu harakatlar aholining ehtiyojini qondirish, bozorlar to‘kinligini ta’minlash va barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
Ruslan Murodov,
viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi shu’ba boshlig‘i.