Sarhisob: Ta’lim sohasining 2024 yil uchun aniqlangan byudjeti 662,4 milliard so‘mni tashkil qildi
Yil yakuni bo‘yicha ijro 662,3 milliard so‘mni yoki 99,9 foizni tashqil etadi.
Samarqand viloyatidagi 1264 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabini uzluksiz yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash maqsadida abonent to‘lovlari uchun 7,8 milliard so‘m, har bir tuman (shahar)dan 3 tadan, viloyat bo‘yicha 48 ta maktabga eng yaxshi xorijiy til maktabi ko‘rik-tanlovi uchun 4,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Prezidentimizning 2021 yil 11 yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan olis hududlarda joylashgan maktablarga malakali o‘qituvchilarni jalb etishni rag‘batlantirish belgilangan. Shu hududda ishlash uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash xarajatlariga 3,7 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi.
Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 11 ta maktabda ishlayotgan 34 nafar o‘qituvchiga uy-joy ijarasi uchun 277,4 million so‘m, Qo‘shrabot tumanidagi 36 ta maktabda ishlayotgan 97 nafar o‘qituvchiga uy-joy ijarasi va boshlang‘ich yordam puli uchun 1,1 milliard so‘m yo‘naltirildi. Narpay tumanidagi 4 ta maktabda ishlayotgan 24 nafar o‘qituvchiga uy-joy ijarasi uchun 195,8 million so‘m, Nurobod tumanidagi 24 ta maktabda ishlayotgan 236 nafar o‘qituvchiga uy-joy ijarasi va boshlang‘ich yordam puli uchun 1,9 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi.
Ajratilgan mablag‘lar doirasida 114 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 5,3 milliard so‘m sarflandi. Joriy yil sentyabr holatiga maktablar soni 1264 tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 taga, sinf soni 449 taga, o‘quvchi soni 11814 nafarga ko‘paydi.
Umumta’lim maktablarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 19,4 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi. Bunda 1,9 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 36 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kichik quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi. Misol uchun, asosiy vositalar sotib olish uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida Oqdaryo tumanidagi 25, 42, va 43-maktablarga 90 million so‘mga 15 kVt, Samarqand tumanidagi 9, 10, 16 va 53-maktablarga 358 million so‘mga 35 kVt kichik hajmli quyosh panellari o‘rnatilishi ta’minlandi.
Orzumurod MARDONOV,
viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.