Sarson bemor – “joyi yo‘q” shifoxona yoki sog‘liqni saqlash tizimida qachon tartib bo‘ladi?

Shifoxona - bemorlarni davolaydigan maskan, sarson qiladigan emas, afsuski, Samarqandda bunga hamon amal qilinmaydigan shifoxonalar bor.

Agar o‘zim holatga guvoh bo‘lmaganimda yoki boshdan o‘tkazmaganimda hatto viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasida ham bemorlarning sarson qilinishiga ishonmagan bo‘lardim. Chunki XXI asr, sohada ko‘p narsa tartibga olingan, har holda tartibga olinishi shart bo‘lgan davr.

70 yoshga yaqinlashgan otam davolanish uchun shu shifoxonaga borishlari kerak. Qoidalarni bilamiz, qolaversa, yoshi ulug‘ odamning sargardon bo‘lishini istamaymiz, shu sababdan birinchi navbatdan o‘zimiz yashaydigan tumandan tegishli tartibda tegishli hujjat — “order” oldik. Chunki shu hujjatingiz bo‘lsa muammosiz qabul qilishadi va davolashadi. Aniqrog‘i, biz shunday deb o‘ylagan edik. Ammo unday bo‘lmadi. Yoshi katta odam kuni bilan masala hal bo‘lishini kuta-kuta uyga qaytdi: shifoxonaning gematologiya bo‘limi yo‘llanma bilan kelgan bemorni ham qabul qilmadi.

Shifoxona vakillariga ko‘ra, kasallar ko‘pligidan bemorni qabul qilishga joy yo‘q ekan. Menda esa aniq javob talab qilinadigan savol bor: Joy bo‘lmasa nega yo‘llanma berilyapti? Nega uzoq tumanlardan bemorlar sargardon qilinyapti? Buning uchun javob beradigan odam bormi? 

Aslida shifoxona mas’ullari aytganiday, “kasallar ko‘pligidan” emas, “joy torligidan” bemorlar qabul qilinmayotgan bo‘lishi ham mumkin. Nahotki, mas’ullar mavjud vaziyatga qarab biror chora ko‘rishmagan, ahvolni ko‘ra bila turib, joy to‘lgan bo‘lsa boshqa yechim yo‘qmi? Bemorlar “sog‘ bo‘lasiz” deya qaytarib yuborilaveradimi?  

Otam qaytarib yuborilarkan, hech bo‘lmasa viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilib masalani yechishga harakat qilib ko‘rdik, ammo ayrim mas’ullar loaqal qo‘ng‘irog‘imizga ham javob bermadi...

O‘.Qo‘ziboyev.