Sartarosh ham ilmli bo‘lsin
Ilm insonni elga tanitadi, obro‘sini oshiradi, el ichida aziz qiladi. Ilmga intilgan xalq hech narsaga zoriqmaydi, hech kimga qaram bo‘lmaydi. Hadislarda “Beshikdan qabrgacha ilm izla”, deb bejizga aytilmagan.
Bir vaqtlar Sharq madaniyati, ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan xalq bugun negadir ilm olish borasida oqsayapti. Shu sababli rivojlangan davlatlar hayotiga havas qilyapmiz, ulardagi tekis, ravon yo‘llardan tortib, barcha sohalarda erishilgan yutuqlariga hayrat ko‘zi bilan qarayapmiz. Nega bu narsalar bizda yo‘q, deb o‘zimizga savol beryapmiz. Ammo ular taraqqiyotga ilm bilan erishganini tushunib yetmayapmiz. Hatto yarim aholisi ko‘chada yashaydigan Hindistonda ham ayrim sohalar bizdan ko‘ra rivojlanib bormoqda. Sababi, ular xorijda ishlab topgan pulini farzandi ta’limiga sarflaydi. Bizdagi singari qo‘sha-qo‘sha uylar, dang‘illama to‘ylar bilan ovora bo‘lmaydi.
Biz bugun ota-bobolarimiz bilan g‘ururlanyapmiz, ammo ular izidan bormayapmiz, bilim olishga qiziqmayapmiz. Bir vaqtlar har bir qishloqda kutubxonalar bo‘lsa, bugun tumanda bitta kutubxona topish amrimahol. Kitob o‘qishga, bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqimiz shunchalik susayib ketdiki, hatto o‘zini ziyoli hisoblaydigan ayrim kishilar bir oyda bitta kitob o‘qimayapti.
Ba’zilar kitob o‘qishga vaqti yo‘qligini bahona qiladi. Aslida kitob o‘qishga vaqt emas, ishtiyoq yo‘qolib boryapti. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Muhammad Ali ismli bloger yaxshi tashabbusga qo‘l urganining guvohi bo‘ldim. U har kuni piyoda yurish, kitob o‘qish, kun davomida hech kimni g‘iybat yoki muhokama qilmaslik, telefondan kam foydalanish kabi shartlar bilan kundalik ishlarini rejalashtirib chiqibdi. Bu ishlar ma’lum miqdorda belgilangan bo‘lib, har kuni ko‘paytirib borilarkan. Masalan, u bir kunda 50 sahifa kitob o‘qisa, ertasi kuni 55 sahifa kitob o‘qishi kerak. Piyoda yurish ham xuddi shunday. Yotishdan oldin kunlik rejasi haqida hisobot beradi. Belgilangan miqdordan kam yurgan yoki o‘qigan, ko‘proq telefondan foydalanib qo‘ygan bo‘lsa, jarima puli tashlab qo‘yarkan. Bu pullar muhtojlarga ehson qilib berilarkan. Shuningdek, u kun davomida o‘qigan kitobidan ta’sirlangan voqea-hodisalarni chiroyli tarzda aytib beradi.
Bugun yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish uchun turli tanlovlar e’lon qilinyapti, g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar berilyapti, ammo ularni kitob o‘qishga qiziqtirish g‘oyasi ishlab chiqilmayotgandi. Muhammad Alining sog‘lom hayot tarziga amal qilib tuzib chiqqan kundalik rejasi menimcha ko‘pchilikka dars bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda mana shunday chorlovlarning paydo bo‘layotgani yoshlarning bilim olishga qiziqtirishi shubhasiz. Demak, yoshlarimiz orasida o‘z ustida muntazam shug‘ullanadiganlar, ilm olishning mohiyatini tushunganlar bor. Aslida yoshlarning kitob o‘qimasligiga o‘zimiz aybdormiz. Avvalo, kattalar uyida qo‘liga kitob olmaydi.
Olimlar bugun bola iqtidorli bo‘lishi uchun ona homiladorlik paytida kitob o‘qishi kerakligini aytmoqda. Bola tarbiyasi homila paydo bo‘lganidan boshlanishi, ota-ona bunga tayyor bo‘lishi, unga halol luqma yedirishi lozim. Afsuski, bugun yosh onalar qo‘lidan telefon tushmayotgani bois go‘daklar ham telefon bersangiz ovunadigan bo‘lgan. Hatto, jamoat transportlarida ham ona bolasi qo‘liga telefon tutqazib, “endi jim bo‘l”, deyayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Shahrimizda kitob do‘konlari barmoq bilan sanarli, ya’ni juda kam. Shunda ham kitob do‘konlarida bor-yo‘g‘i ikki-uch nafar xaridorni uchratasiz. Oziq-ovqat do‘konlarida esa odamlar kassa oldida navbat kutib turishadi. Kishilar ovqat yeyish, qorinni to‘ydirish kundalik ehtiyoj ekanini bilishadi-yu, kitob o‘qish ruhiy ozuqa ekanini bilmaydi yoki uni hayotiy zarurat deb hisoblamaydi.
Yaqinda Angliyada istiqomat qiluvchi dugonam kelgandi. U gap orasida Angliyada kitob o‘qish uchun hamma shart-sharoitlar borligini aytib qoldi. Masalan, choy ichishga kafega kirgan mijoz kun bo‘yi kitob o‘qib o‘tirsa ham hech kim xalaqit bermas emish. Janubiy Koreyada ham istalgan yemakxonada kitob o‘qib, dars tayyorlab o‘tirsa bo‘lishini eshitgandim. Demak, rivojlangan davlatlarda kitob o‘qish kundalik ehtiyoj sifatida qabul qilinib, bunga yetarlicha shart-sharoitlar yaratilgan.
Biz internetga sarflaydigan vaqtimizning yarmini kitob o‘qishga ajratsak ham bemalol bir oyda to‘rt-beshta kitob o‘qib qo‘yishimiz mumkin. Odam qanchalik o‘z ustida ishlasa, doim o‘qib-o‘rgansa, avvalo, vaqtning qadriga yetadi. So‘ngra u bema’ni seriallarni ko‘rmaydi, yengil-yelpi qo‘shiqlarni eshitmaydi. Ana shundagina inson umrini foydali ishlar qilishga bag‘ishlaydi, hayotidan mamnun bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda Yaponiyada bo‘lgan zilzila oqibatida 50 nafar odam halok bo‘lgani, xuddi shunday zilzila Turkiyada sodir bo‘lganida 50 ming odamning umriga zomin bo‘lganini yozishmoqda. Yaponlar bunday taraqqiyotga faqat bilim bilan erishgani hech kimga sir emas. Bugun kitob o‘qish nima uchun kerak, bilim qorin to‘ydiradimi, deydiganlar mana shu haqiqatni tushunib yetishi lozim.
Sarlavhani “Sartarosh ham ilmli bo‘lsin”, deb bejizga tanlamadik. Bu bilan sartaroshni nopisand qilish emas, aksincha o‘z kasbining ustasi bo‘lsin, degan ma’noda aytdik, xolos. Xuddi shunday quruvchi qurgan imorat sifatli bo‘lsa, zilzila bo‘lsa-da, bino qulamaydi. Bog‘bon yetishtirgan mevalar “dori yemagan” bo‘lsa, odamlarni kasal qilmaydi. Ichadigan suvimizdan tortib to nafas olayotgan havomizning tozaligiga erishish uchun har bir kasb egasidan ilm talab etiladi. Xalqimizda bir naql bor: “Bilim baxt keltirar”, degan. Baxtli bo‘lishni istasangiz ilm oling va bilim olishdan to‘xtamang.
Xurshida ERNAZAROVA.