Saudiya OAV: "Sharq taronalari" nafaqat Markaziy Osiyoda, balki jahon miqyosidagi mashhur festivallar qatoridan joy olib ulgurdi

Saudiya Arabistonining "Neprass News" elektron nashrida "Samarqand shahrida "Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tadi" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

"YuNESKO shafeligida 26-30 avgust kunlari "Yer yuzining sayqali" deb nom olgan qadimiy va betakror Samarqandda "Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tadi", – deb ma’lum qilgan elektron nashr.

"Sharq taronalari" Markaziy Osiyodagi eng katta festivallardan biri sanaladi. Festival o‘tkazilishidan asosiy maqsad milliy musiqa san’atida erishilgan yutuqlarni keng ommaga tatbiq qilish, millatlarning madaniyat va an’analarini asrash va rivojlantirish, sozandalik va xonandalik yo‘nalishidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro ijodiy aloqalarni kengaytirish, tinchlik, do‘stlik va o‘zaro bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilishdan iborat.

1997 yilda ilk marotaba o‘tkazilgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalida 31 ta davlatdan musiqiy guruhlar va ijrochilar tashrif buyurgan bo‘lsa, 2019 yilda o‘tkazilgan XII "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalida ishtirokchi davlatlar soni 75 taga yetgan.

Ta’kidlanganidek, "Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivalida dunyoning 70 ga yaqin mamlakatlaridan 300 nafardan ziyod vakil qatnashishi kutilmoqda.

Bugunga kelib "Sharq taronalari" nafaqat Markaziy Osiyoda, balki jahon miqyosidagi mashhur festivallar qatoridan joy olib ulgurdi. Buning yorqin misolini yildan-yilga qatnashchilar va festivalda qatnashish istagini bildirayotgan davlatlar sonining oshishida, dastur saviyasining yuqorilab borayotganida ham ko‘rishimiz mumkin, deb qayd etilgan materialda.

"Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivali doirasida, shuningdek, "Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. Unda musiqashunos olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchi-doktorant va magistrantlar ishtirok etishlari kutilmoqda", – deb yozgan Saudiya OAV.