Sharq musiqa an’analari dunyo olimlari nigohida

Samarqandda “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya davom etmoqda. 

Kecha konferensiya doirasida Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY qoshidagi turkiy davlatlar san’at universitetlari ittifoqi yig‘ilishda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti ittifoq a’zoligiga qabul qilinib, a’zo oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Ayni paytda O‘zbekiston, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon, Kanada, Gambiya, Xitoy, Iordaniya va Vengriya mamlakatlari madaniyat va san’at sohasi xodimlari, ushbu yo‘nalish oliy ta’lim professor-o‘qituvchilari hamda rektor va prorektorlari ishtirokida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy sozanda va xonandalik yo‘nalishida kadrlar tayyorlash hamda hozirgi globallashuv jarayonida yoshlarning ma’naviy immunitetini shakllantirish masalalarini muhokama qilmoqda.