“Sharq taronalari” Registonda o‘tkaziladi
YuNESKO shafeligida 1997 yildan buyon har ikki yilda Samarqandda o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bu yil o‘n uchinchi marta musiqa tinglovchilar e’tiboriga havola etiladi.
Oldinroq festival joriy yilning 26-30 avgust kunlari Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida ilk bor o‘tkazilishi aytilgan edi. Biroq festival yana Registon maydoniga ko‘chdi.
Xabar qilganimizdek, festivalga tayyorgarlik jarayonlari, tashkiliy masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov va boshqa mas’ullar bu haqda keng jamoatchilik va OAV vakillariga ma’lumot berdi.
- “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali 1997 yildan buyon Registon maydonida o‘tkazib kelinadi, - dedi R.Qobilov. – O‘n uchinchi marta o‘tkaziladigan mazkur festival joriy yil nufuzli tadbirlarga mezbonlik qilib kelayotgan Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Ammo festivalga qatnashish istagini bildirgan ishtirokchi davlatlar vakillarining taklifi va xohishiga ko‘ra, festival yana qadimiy tarixga ega Registon maydonida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Aytish joizki, Samarqandga keladigan har bir xorijlik qadimiy yodgorlik va obidalarni ko‘rishni, ziyorat qilishni xohlaydi. Qolaversa, festivalning Registonda o‘tkazilishiga ko‘pchilik mamlakat sozanda va xonandalari ko‘nikib bo‘lishgan. Shu bois bu yil ham festival uchun Registon maydoni tanlandi. Majmuaga ziyon yetishiga kelsak, Madaniy meros agentligi mutaxassislari bilan birgalikda jarayonni qanday tashkil etish masalasi o‘rganilmoqda.
Registon maydonida festivalning faqat asosiy tadbiri o‘tkaziladi. Shuningdek, Samarqand shahri, Samarqand Payariq, Oqdaryo va Past Darg‘om tumanlarida ham dunyo xalqlari kuy-qo‘shiqlari, do‘stlik, hamjihatlik va ahillikni madh etuvchi madaniy tadbirlar hamda milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
Matbuot anjumanida o‘n uchinchi xalqaro musiqa festivalida dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 300 nafardan ziyod vakil qatnashishi kutilayotgani va mehmonlarni kutib olish hamda festival doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
- Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida respublikada va Samarqand shahrida Madaniyat vazirligining shtabi faoliyat ko‘rsatmoqda, - deydi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov. - Shuningdek, ijodiy guruhlar, volontyorlar bilan ishlash, mehmonlarni kutib olish bo‘yicha alohida ishchi guruhlar ham tashkil etilgan. Ayni paytda repetitsiya jarayonlari davom etmoqda. 26 avgust kuni festivalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tsa, 27-28-29 avgust kunlari festivalga tashrif buyurgan ishtirokchilar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, xalqaro hay’at tomonidan tanlov ishtirokchilarining chiqishlari professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qo‘shiq hamda zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan musiqa va qo‘shiq yo‘nalishlarida baholab boriladi. Tanlov g‘olib va sorindorlari 30 avgust kuni taqdirlanadi.
- 27-28 avgust kunlari festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi, - deydi Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori vazifasini bajaruvchi Eldor Shermanov. – Unda musiqashunos olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchi-doktorant va magistrantlar ishtirok etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, konferensiya odatdagidek yalpi majlisdan iborat bo‘lmaydi. Uch shu’baga bo‘lingan holda milliy qo‘shiqlar, maqom namunalari ijro etiladi. Bundan tashqari, konferensiya doirasida ilk bor Turkiy davlatlar tashkiloti qoshidagi Turk dunyosi san’at va musiqa universitetlari ittifoqining yig‘ilishi o‘tkaziladi va ushbu universitetlar rektorlari Samarqandga kelishi kutilmoqda.
Matbuot anjumanida festivalga xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilish, ularning tadbirlarda qatnashishi uchun zarur sharoitlarni yaratilishi hamda matbuot markazi tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.