“Sharq taronalari” festivalida mamlakatimiz nomidan kimlar ishtirok etadi?

26-30 avgust kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalida O‘zbekiston nomidan ishtirok etuvchi ijodkorlarni aniqlash maqsadida Madaniyat vazirligi tomonidan e’lon qilingan respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat musiqali drama teatrida o‘tkazilgan tanlovda 18 va undan katta yoshdagi 60 nafarga yaqin ijodkor to‘rt yo‘nalishda mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Har bir ishtirokchi hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi va birinchi o‘rinni egallagan 4 nafar ishtirokchi festivalda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi yo‘nalishida g‘oliblik Toshkent shahridagi “Maqom bend” jamoasi va O‘zbekiston davlat simfonik orkestr qoshidagi milliy mumtoz ansambliga nasib etdi. Professional (klassik) darajadagi xalq qo‘shig‘i yo‘nalishida navoiylik Sherzod Mardonov, zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan musiqa yo‘nalishida nay sozida O‘zbekiston davlat simfonik orkestr qoshidagi milliy mumtoz ansambli vakili Toshtemur Shukrullayev hamda zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan qo‘shiq yo‘nalishida buxorolik Gulchiroy Baxshilloyeva g‘olib bo‘ldi.