“Sharq taronalari”ga tayyorgarlik jarayonlari qanday bo‘lyapti?
26-30 avgust kunlari Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Ayni paytda festivalga tayyogarlik ishlari va ochilish marosimiga repetitsiya jarayonlari qizg‘in davom etyapti.
Registon maydonida yurtimizning taniqli rejissyor, aktyor va san’at ustalari tomonidan ochilish marosimi dasturi tayyorlanmoqda.
- Pandemiya sababli bir necha yil to‘xtab qolgan mazkur festivalni ko‘pchilik sog‘ingan edi, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Uchqun Tillayev. – Mana, xalqaro san’at bayrami yana hamisha navqiron va ko‘hna kentga qaytdi. O‘zim “Sharq taronalari”ning X, XI, XII festivallarida boshlovchilik qilganman. Bu yil esa tadbirning ochilish marosimida tarixiy shaxslarning siymosini yaratishda ishtirok etyapman.
Tayyorgarlik jarayonlariga jalb etilgan taniqli san’atkorlar, aktyorlar va boshqa ishtirokchilar bilan birgalikda mehnat qilyapmiz. Bu yil ham yurtimiz tarixi, madaniyati va san’atini dunyoga namoyish etamiz.
Rejissyorlarning ta’kidlashicha, festivalning ochilish marosimini yuqori darajada o‘tkazish maqsadida 650 nafardan ziyod ishtirokchi tayyorgarlik jarayonlarida qatnashmoqda.