“Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari”
Samarqand xalqaro turistik markazida shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.
"Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivali doirasida o‘tkazilayotgan mazkur anjumanda 32 ta xorijiy davlatdan 50 nafardan ziyod musiqashunos, folklorshunos va madaniyatshunos olimlar, shuningdek, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari qatnashmoqda.
Anjuman ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, YuNESKOning Butunjahon merosi markazi direktori o‘rinbosari Xosagraxar Joti Visvesvariya, TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sultan Rayev, Turkiy madaniy va meros fondi prezidenti Aktoti Raimqulova, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov ishtirok etyapti.
Konferensiya davomida soha mutaxassislari tomonidan milliy musiqa san’atini turkiy davlatlar musiqa madaniyati bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish kabi masalalar muhokama qilinadi. Shu bilan birga, TURKSOY qoshidagi “Turkiy davlatlar san’at universitetlari ittifoqi” rezolyusiyasi qabul qilinishi va turli davlatlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi rejalashtirilgan.