“Savdogarlar ustozi” kitobini o‘qiganmisiz?

Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Tadbirkorlik haftaligi” doirasida o‘tkazilgan “Biznes marafon”da “Yuksalish” harakati asoschisi Muhammadali Eshonqulov shu savolni o‘rtaga tashladi.
Zalda yig‘ilgan 500 nafarga yaqin yoshlarning aksariyati o‘qimaganligi ma’lum bo‘ldi.
- O‘qimaganlar o‘qiganlar, ya’ni qo‘l ko‘targanlarga qarsak chalib qo‘ysin, - dedi M.Eshonqulov va zalni qarsak ovozi qopladi. – Kitob o‘qish kerak. Aks holda umr bo‘yi qarsak chalib yurishlaring mumkin.
Yoshlarni tadbirkorlikka qiziqtirish, biznes imkoniyatlari bilan tanishtirish, shuningdek, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirda mamlakatimizda va xorijda faoliyat olib borayotgan taniqli tadbirkorlar ishtirok etdi.
Pokistonlik tadbirkor Amnah Siyeda, “MFaktor” asoschisi Xusan Mamasaidov, “FIntellect” loyihasi asoschisi Tamilla Kurbanova, O‘zbekistonning birinchi metallurg ayoli Gulbahor Tojimirzayeva hamda boshqa taniqli ishbilarmonlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Tinglovchi yoshlarga real keyslar, muvaffaqiyat strategiyalari va startaplarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha tushunchalar berildi.
- Xato qilishdan qo‘rqmaslik kerak, - deydi Gulbahor Tojimirzayeva. – Mag‘lubiyat muvaffaqiyat uchun qo‘yilgan qadam ekanligi isbotlangan. O‘zim 17 yoshimda, bundan 15 yil avval oliy o‘quv yurtiga kirolmay muvaffaqiyatsizlikka uchraganman. Bundan tushkunlikka tushmaganman, aksincha o‘qish uchun Xitoyga yo‘l olganman. Talabalik davrimda metallurgiya yo‘nalishida faoliyat olib boradigan xitoylik tadbirkor bilan tanishib, uni yurtimizga taklif qildim. U bu yerdagi imkoniyatlarni o‘rganib, investitsiya kiritdi. Shu sababli 25 yoshimda katta bir tadbirkorga, O‘zbekistonda yagona metallurg ayolga aylandim.
“Biznes marafon”da qatnashgan tadbirkorlar samarqandlik yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
Kunning ikkinchi yarmida muhim xalqaro tadbirlar - “O‘zbekiston - Pokiston yosh tadbirkorlar forumi” va “O‘zbekiston - Xitoy yoshlar forumi” bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin SIDDIQOV, Dilnoza AHMADOVA, Baxtiyor MUSTANOV.