Saviyasiz qo‘shiqlar, arzon piar va xafa bo‘lmas “yulduz”lar
Sir emas, bugun san’atimiz shou biznesga aylanib ulgurdi. U chetdan qaraganda ancha sokin, sirli va jozibali ko‘rinsa-da, aslida juda shafqatsiz va o‘ta kuchli raqobat olami. Bunda bugun eng e’zozlilar erta butkul unutilishga mahkum. Bugun hech kim bilmagan bir to‘pori qo‘shiqchi erta bir klipi yo qilig‘i (!) bilan taniqli bo‘lib ketishi hech gap emas.
Eng yomoni, hozir bu olamdagilar faqat tanilish uchungina qo‘shiq aytyapti yoki nimalardir qilishmoqda. Qachondir duppa-durust ijodi bilan tanilgan, endi esdan chiqayotganlar ham «yashab qolish» yoki o‘zini bir-bir eslatib turish uchun hatto janjal chiqarib, shov-shuv ko‘tarishdan toymayapti.
Rus estrada xonandasi Shura bir paytlar tezroq tanilish uchun sog‘ tishini sindirib, soqovcha qo‘shiqlar xonish qila boshlagandi. Eshitib, hayron qolgandik. Afsuski, bu yomon usul (ta’bir joiz bo‘lsa, «Shura sindromi») bugun bizda ham paydo bo‘lgan. To‘g‘ri, tishini sindirgan birov - yarim «jasoratli»ni hozircha ko‘rmadik, lekin boshqacharoq usullar ham bor. Shou biznesimizning taniqlilaridan biri o‘ziga o‘xshash boshqasiga tahdidlar jo‘natsa, boshqalari o‘zaro yoqalashuvlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylamoqda. Eng ajablanarlisi, biroz fursat o‘tib, bu piar edi, deb chiqmoqda. Afsuski, bu «piar»lar ancha avj olib ketdi. Endi tanilayotgan yoki tanilib bo‘lib, cho‘ntagi to‘lib, ijod qilishga erinib qolgan qo‘shiqchilarga ham bu zo‘r vosita bo‘lib qoldi. Eng yomoni, muxlislarda ham did, shu darajaga tushib «yengil hazmli mahsulotlarga» moslashib qoldi.
Avvallari esa biror xonanda elga tanilish uchun yillab, kamida 12 ta qo‘shiq yozib, albom chiqarar, shundan nari borsa uch-to‘rtta qo‘shig‘i ommalashardi. Ko‘pchilik estradamizning eng gullagan, sermahsul davri deb biladigan o‘tgan asrning 90-yillarini eslang... U paytlar qo‘shiqlar audiokassetalarda chiqarilar, premerasi ham, promosi ham «zvukozapislar» orqali bo‘lardi. Rostakam ixlosmandlar esa sevimli qo‘shig‘ini audiokassetalar sotuvchisi yonida o‘tirib tinglar, yaxshi kassetalar esa ba’zan buyurtma orqali bazo‘r topilardi.
Milliy estradada o‘sha yillar Muhriddin Xoliqovning «Nargiz», Ozodbek Nazarbekovning «Kel ey yorim» qo‘shig‘i, Umarjon Mahkamboyevning «Oy nurlari sim-sim», Ilhom Farmonovning «Senmiding», «Oqshom» guruhining «Ey sabo», Husniddin Xoliqovning «Izlagin», «Bayram» guruhining «Jamilam» kabi qo‘shiqlarini yodga oling... Nega u qo‘shiqlar shu qadar sevimli bo‘lgan? Hozir ham maza qilib tinglaymiz. Bu avvalo, o‘sha davr ijodkorlarining professionalligi bilan bog‘liq, hozirgidek puli bor har nimani aytaveradigan zamon emasdi. Shou-biznesga aylanmagan qo‘shiqlar matni shoirlar kitoblaridan olinib, kuyga solinar, oranjirovkasi ham soddaroq bo‘lar, o‘sha «jaydarilik» qo‘shiqlarga o‘zgacha jozibadorlik baxsh etardi.
Agarda qo‘shiq yaxshi bo‘lmasa, audiokassetasini hech kim olmas, zvukozapisdayoq umri tugar, hozirgidek, har joyda, har onda majburan quloqqa singdirilmasdi. Eng asosiysi, o‘sha paytlari haqiqiy qo‘shiq tinglardik, kliplar soyasidagi sayoz “ting‘ir-ting‘ir”lar yo‘q edi. Endi-chi? O‘nlab FM-radiolarda qo‘shiqlar, TV-kanallarda, internet saytlarida minglab videokliplar aylanib yotibdi. Kliplarda effektli tasvir, xorij manzaralari, kalta kiygan qiz, bashang kiyingan ashulachi, aralash syujetlar birinchi planda, qo‘shiq esa ikkinchi...Shu bilan birga yaxshi qo‘shiq yozishdan ko‘ra, bir ishkal chiqarib, tilga tushish oson va maqbul usul bo‘lib qolgan bo‘lsa. Ba’zi xonandalarimiz shu qadar erinchoq bo‘lib qolganki, hatto o‘zining qo‘shiqchi ekanini ham unutib, shou-dasturlarda «yulduz» bo‘lib yuribdi. Harqalay, ko‘zga yaqin bo‘lsa bo‘ldi-da...
Shuningdek, yana bir talay janjal qilishga jur’atsiz, qo‘shiq kuylashga toqatsiz yosh qo‘shiqchilar va ba’zi unutilayotgan taniqlilar uchun zo‘r imkonlar paydo bo‘ldi.
«Xafa bo‘lish yo‘q». Ushbu ko‘rsatuv g‘oyasi xorijiy telekanallardan olingan bo‘lsa-da, tez orada omma e’tiboriga tushdi. Boshida ancha haqqoniylik aks etgan ushbu dastur oxirgi paytlarda ancha-muncha notanish qo‘shiqchilarni, unutilayotgan “yulduz”larni ham «xafa qila boshladi». Tilga tushmagan yoki unutilayotgan «yulduz»lar bahonada «ko‘zga yaqin» bo‘lib olsa, albatta ko‘rsatuvdan «xafa emasman», deydi-da.
Bugun eslaganlarimiz va boshqa ijodiy tanaffus etgan shou yulduzlari! Sizni qo‘shiqlaringiz bilan kashf etganmiz. Sizga to‘porilik yoki maska ortidagi boshqa arzon piar yarashmaydi. Iltimos, ijod qilib, qo‘shiqlar yarating. Taniqli emas, avvalo, sevimli bo‘ling!
Shuhrat Normurodov.