Saylov jarayoni qanday nazorat qilinadi?

Saylov jarayonini nazorat qilish qonun yo‘li bilan tartibga solinmaydi. Lekin, ishonchli vakillarning, kuzatuvchilarning va ommaviy axborot vositalarining huquqiy maqomi kuchaytirildi.

Bunda ommaviy axborot vositalari nimalarga e’tibor qaratishi zarur?

Bu haqda yuridik fanlar nomzodi, Samarqand davlat universiteti huquqshunoslik fakulteti dekani Rahmatulla Mirzayev quyidagilarni gapirib berdi:

-  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonida saylovchilarni, shuning­dek, dunyo hamjamiyatini axborotlar bilan ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhim. Negaki, fuqarolar saylovga tayyorgarlikning borishi va jarayon qanday o‘tayotganligini, saylov komissiyalarining ishini, ularning qarorlarini, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan manzili va ish vaqti to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo‘ladi.

Nomzodlar to‘g‘risida, shuningdek ovoz berish va saylov yakunlari haqida ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumot beriladi.

Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolar o‘z saylov huquqlarini qay tarzda amalga oshirish, saylovda qatnashayotgan turli siyosiy partiyalar va nomzodlarning asosiy saylovoldi siyosiy pozitsiyalari va jamiyatdagi turli masalalarga qarashlarini keng yoritib borishi maqsadga muvofiq.

Ommaviy axborot vositalarining saylov jarayonidagi yana bir muhim ishtiroki ularning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish huquqi bilan bog‘liq. Chunki qayerdaki jamoatchilik nazorati kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda odamlarda ishonchsizlik, shubha-gumon uyg‘otadigan qallobliklarning oldi olinadi. Shu jumladan, saylov jarayonida ham.

Albatta, bunda jurnalist yoki blogerlarning tegishli tartibda ro‘yxatga olingani muhim ahamiyatga ega. Negaki, ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Saylov kampaniyasi davrida xorijiy davlatlarning ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiyadan o‘tkazadi.

Ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida hozir bo‘lish huquqiga ega.

Tashviqot boshqa shakllar qatori intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib boriladi. Tashviqot ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali ham amalga oshiriladi.

Tashviqot olib borilayotganda nomzodlarga davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoit ta’minlanadi.

Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to‘lash shartlari hamda boshqa talablar barcha nomzodlar uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.

Ovoz berish kuni saylov uchastkasida soat 8:00 da uchastka saylov komissiyasining raisi, komissiya a’zolari, kuzatuvchilar bilan birga ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etishlari mumkin.

Uchastka saylov komissiyasining a’zolari ommaviy axborot vositalari vakillariga saylov jarayonini kuzatish uchun shart-sharoit yaratadi.

Ta’kidlash lozimki, saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga ommaviy axborot vositalari vakillarini taklif qilsa-da, ommaviy axborot vositalari xodimlari saylovchiga amaliy yordam ko‘rsatishga haqli emas.

Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

F.Ro‘ziboyev yozib oldi.