Saylov natijasi O‘zbekistonda islohotlar izchilligini oshiradi
Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini 15 ta xalqaro tashkilot, qirqdan ortiq xorijiy davlatlardan kelgan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatib bormoqda.
Jumladan, yuz nafardan ortiq xalqaro kuzatuvchilar bugun Samarqand viloyatidagi ovoz berish jarayonlariga guvoh bo‘lmoqda.
– Shu yilning 30 aprel kuni O‘zbekistonda Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha referendum o‘tkazilganda endi bu o‘zgarishlarni tezroq amalga oshirish uchun Prezident saylovi o‘tkazilsa kerak, degan xayolga borgandim, – deydi Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi sobiq elchisi, Sonmun universiteti professori Chve Yon Xa. – Kutganimdek, O‘zbekiston Prezidenti muddatidan oldin Prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qildi. Men bu yurtda ishlaganim va keyingi yillarda amalga oshirilgan yangilanish, o‘zgarishlar jarayonlariga qiziqishim yuqoriligi uchun ushbu saylov jarayonlarida kuzatuvchi sifatida qatnashishga qaror qildim. Saylov kampaniyasi borishi bilan tanishdim, bugun ovoz berish jarayonlarini kuzatyapman. Hammasi xalqaro standartlar asosida, O‘zbekiston saylov qonunchiligiga to‘la amal qilingan holda o‘tkazilmoqda. Men O‘zbekistonni Koreyaning yaqin hamkor davlati deb bilaman va yurtingizdagi islohotlar jarayonlarini qo‘llab-quvvatlayman.
Turkiyadagi “Sohibqiron” strategik tadqiqotlar markazi direktori Mesut Emre Karakoze Samarqanddagi saylov uchastkalarida saylovchilarning faolligi ularning yurt ertasiga befarq emasliklaridan dalolat ekanligini ta’kidladi.
– Saylovga tayyogarlik, ovoz berish jarayonlari yaxshi tashkil etilibdi. Bugun O‘zbekiston xalqi o‘ziga munosib yetakchini saylayapti. Men ishonaman, saylov natijasi o‘zbek xalqining ertangi yorug‘ kelajagiga xizmat qiladi, – dedi Mesut Emre Karakoze.
Buyuk Britaniyadagi “Chishty consultancy” konsalting kompaniyasi rahbari Chishti Mak ilk bor O‘zbekistonga kelib, saylov jarayonlarini kuzatayotgan bo‘lsa-da ushbu siyosiy tadbir haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lganini ta’kidladi.
– Avvalo, O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish imkoniyati berilgani uchun Markaziy saylov komissiyasiga minnatdorlik bildiraman, – deydi Chishti Mak. – Samarqanddagi uchta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlarini kuzatdim. Tashkiliy ishlar juda yaxshi tashkil etilgan. Saylovchilarning faolligini alohida ta’kidlashni istardim. Yoshlar ham, keksalar ham uchastkaga kelib, o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanmoqda.
Xalqaro kuzatuvchilar 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan ham tanishmoqda. Okrug komissiyasi raisi va a’zolari bilan uchrashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob omoqda.