Sayyor qabulda muammolar o‘rganildi
Ochiq muloqotda 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan ushbu mahallada 2017 yilda birorta jinoyat sodir etilmaganligi e’tirof etildi. Shu bilan birga, mavjud muammolar muhokama qilindi. Jumladan, mahalla fuqarolar yig‘ini binosida yetarlicha sharoit yo‘qligi, hududdagi ichki yo‘llarning ta’mirtalabligi, jamoat transporti qatnovining yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi.
Tuman hokimi joriy yilda tuman hokimligining homiyligi va hashar yo‘li bilan zamonaviy mahalla markazi bunyod etilishi, ichki yo‘llar ta’mirdan chiqarilishini bildirib, mutasaddilarga qisqa vaqtda mahalla va tuman markazi o‘rtasida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.
– Ta’lim tizimida uzoq yillar ishlab, nafaqaga chiqqanman, – deydi Nazokat Aliyeva. – Qishlog‘imizda maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘q. Ochiq muloqotda tumanimiz hokimiga qishlog‘imizda maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatini tashkil etish masalasi bilan murojaat qildim. Bu masala ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
Sayyor qabul davomida aholi tomonidan tabiiy gaz, elektr ta’minoti, ishsizlik muammolari ko‘tarildi va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar belgilandi.
Shuhrat QARShIYeV.