Sayyor sudda 15 nafar shaxs jazoni o‘tash muddatidan oldin ozod qilindi

Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosarlari - jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi T.Boyzoqov, fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi B.Norov, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Sh.Mamadiyorov va viloyat ma’muriy sudi raisi vazifasini bajaruvchi R.Ochilov hamkorligida Kattaqo‘rg‘on shahridagi mahalla markazida fuqarolar bilan uchrashuv, davra suhbati va sayyor qabul tashkil qilindi.

Dastlab yig‘ilganlarga mamlakatimizdagi bugungi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, qonunlarga kiritilgan muhim o‘zgarishlar haqida tushuncha berildi. Ayniqsa, bu muhim siyosiy tadbirlar yili ekanligiga e’tibor qaratilib, saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar, bu yilgi saylov tartiblari haqida tushuncha berildi.

Sayyor qabul jarayonida 50 nafarga yaqin fuqaro muammolariga yechim izlab, murojaat qildi. 21 ta murojaat joyida ijobiy hal qilindi, qolganlariga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Shaharning Qo‘shchinor ko‘chasi 6-uyida yashovchi G.Latipova o‘ziga oid chiqarilgan ma’muriy ish bo‘yicha yengillik berishni so‘radi. Unga yengillik berishning qonuniy tartiblari tushuntirildi. Shuningdek, 6 nafar yakka tartibdagi tadbirkor jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobotini muddatida taqdim qilmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganliklarini bayon qilib, bunday xatolik boshqa takrorlanmasligi, tegishli xulosa chiqarishganliklari, ma’muriy jarima to‘lash og‘irlik qilayotganligini bildirib, murojaat qildi. Bu murojaatlaring har biri individual o‘rganib chiqildi va sayyor sud majlisida ularga nisbatan ma’muriy ishlar tugatildi.

Sayyor sud majlislarida esa 15 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazoni o‘tash muddatidan oldin ozod qilindi.

Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi.