Sayyor sudda sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan 7 nafar fuqaro ozod qilindi

Oqdaryo tumanidagi 2-son bolalar musiqa maktabida viloyat sudi raisi O.Hayitov ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.

Sayyor qabulda, shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tuman sudining raisi B.Polvonov, sudya I.G‘ulomov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining raisi Sh.Turdialiyev, viloyat ma’muriy sudi sudyasi S.Yusupov ishtirok etdi va murojaatchilarni qabul qilib, muammolarini hal etish choralarini ko‘rdi. 

Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi. Shulardan qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi va qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi. Sababi, sud-huquq masalalaridagi murojaatlar hal etilishi aksariyat hollarda vaqt va jarayon talab qiladi.

Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 7 nafar fuqaro sayyor qabulda viloyat sudi raisiga murojaat qilib, qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.

Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tuman sudining sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi.

Viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.