Sayyor uchrashuvlarda tadbirkorlar takliflari o‘rganlidi
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvlarda xususiy tadbirkorlar va kichik biznes vakillarining bojxona xizmati bilan hamkorligi masalalari birgalikda tahlil etildi, o‘zaro fikr almashildi.
Xususan, "ZARAFSHON TEKSTIL" MChJ ta’sischilari import qilinayotgan tovarlarga muvofiqlik sertifikati tovarlar "erkin muomalaga chiqarish" bojxona rejimiga rasmiylashtirilgandan so‘ng olinishi bo‘yicha taklifni ilgari surdi.
Urgut tumanidagi "URGAZ CARPET" korxonasi direktori I.Hakimov mahsulotlarni eksport qilishda bojxona rasmiylashtiruvi yuzasidan muammolar yo‘qligini ma’lum qilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaati uchun import qilinayotgan xom ashyolarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini pasaytirish, tayyor gilam mahsulotlariga import bojxona boj stavkalarini oshirish to‘g‘risida taklif berdi.
Ikki kunlik sayyor uchrashuvlar davomida Samarqand xalqaro aeroportidagi chegara bojxona postida joriy etilgan ikki yo‘lakli tizim asosida bojxona nazoratini amalga oshirish jarayoni va olib borilayotgan xizmat faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.
Sayyor uchrashuvlarda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflar o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilab olindi.
Sohiba JALILOVA.