Sehrli ovoz sohibi

Taqdir insonga kasb-kor in’om etadi. U ana  shu mo‘’tabar sohadan baxt-iqbol topishga intiladi. Biroq, uning ko‘nglida yana bir yuksak cho‘g‘ bo‘ladiki, bu ikkinchi iste’dod bo‘lib porlaydi.

Paxtachilik Rahmonqul Boltayev garchi “oq xalat”ni e’zozlagan shifokor bo‘lsa-da, sport sharhlovchiligida ham aziz va qadrli ustoz. U Axbor aka Imomxo‘jayev yaratgan ulug‘, mo‘’tabar maktab duosidan bahramand bo‘lganlardan. Rahmonqulning sehrli ovozida sharhlangan “Paxtakor” (Toshkent), “Zarafshon” (Navoiy), “Qizilqum” ishtirokidagi futbol, “Binokor” (Toshkent) xokkey jamoasi o‘yinlarini xuddi kechagidek eslaymiz. Yoxud uning rahbarligida Navoiy viloyat futbol assoatsiatsiyadagi islohotlar sog‘lom turmush tarzimizga xizmat qilganligi mubolag‘a emas.

Shu o‘rinda bugun tabarruk 70 yoshini qarshilayotgan qadrdonim haqida yana ayrim fikrlarimni aytib o‘tsam.

Rahmonqul Boltayevning hayot yo‘li ibratli. U shu vaqtgacha o‘tkazgan umri davomida zamondoshlarga, xususan, yoshlarga agar inson ishtiyoq bilan yashasa, har bir kasbda ham yutuqlarga erisha olishini isbotlab berdi. Ta’kidlaganimday, shifokorlik kasbini egallash, elga malakali xizmat ko‘rsatish barobarida sport sharhlovchiligini ham mukammal egallay oldi.

Uning Samarqand va Navoiy viloyati futbol jamoalari o‘yinlarini sharhlashdagi jo‘shqin ifodalari, mahorati ixlosmandlar tomonidan e’tirof etilgan, bunga o‘zim ham ko‘p guvoh bo‘lganman. Eslayman, Rahmonqulning 60 yoshi Navoiy shahridagi "Qizilqum" stadionida nishonlangan, unda bugun Samarqand viloyatida, o‘sha vaqtda esa Navoiy viloyatida hokim bo‘lgan Erkinjon Turdimov ishtirok etgan va qutlagan ediki, u kishiga ko‘rsatilgan hurmatga havas qilganmiz.

Hayotdagi muvaffaqiyatlar o‘z-o‘zidan kelmaydi. Rahmonqul buning uchun tinimsiz o‘qidi, sportni hamroh bildi, ayniqsa futbolga chinakam sadoqat ko‘rsatdi. Shu tufayli qator yillar respublika televideniyesida Axbor Imomxo‘jayev singari so‘z ustalari safida sport sharhlovchisi bo‘lib ishladi. Bunday jo‘shqin faoliyati bilan nafaqat Paxtachi tumani ahli, balki Samarqand va Navoiy viloyatlari futbol ixlosmandlari ham faxrlanadi.

Muhimi, Rahmonqul Boltayev hamon ibratli faoliyatini davom ettiryapti, mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz olib borayotgan ulkan islohotlarda ishtirok etyapti.

Qutlug‘ 70 yoshini nishonlayotgan qadrdonimizga tani-sihatlikda uzoq umr, oilaviy totuvlik, farovon hayot tilaymiz. Farzand, nabiralar mehridan qonib, qarindosh-urug‘lar davrasida boshi tik bo‘lib, do‘stlar qurshovida mag‘rur yurishini Yaratgandan so‘rab qolamiz.

Husan Temirov.