Sektorlar nega yaxshi ishlamayapti?

Joriy yilning II choragida viloyatdagi Xalq qabulxonalariga jismoniy va yuridik shaxslardan 11000 ta (2018 yil II choragida 13444 ta), shu jumladan, viloyat Xalq qabulxonasiga 2446 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlar nimaning hisobiga kamaygan? Aholi muammolari hal etilgani uchunmi yoki mutasaddilarning arizalarni «yopib» yuborayotgani uchunmi?

Davlatimiz rahbari joylardagi Xalq qabulxonalari tashkil etilishidan oldin o‘rta va quyi bo‘g‘inda odamlarning dardini tinglash, ularni qiynab kelayotgan masalalarga yechim topish, muammolarini hal qilish borasida ishlar tizimli olib borilmayotganini tanqid qilgan edi. Ayni shu sababli Xalq qabulxonalari tashkil qilinib, keyinchalik ular faoliyatini tashkil qilish tartibiga qator o‘zgartirish kiritildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan davlat organlarining aholi bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etildi. Ya’ni, tuman va shaharlardagi sektor rahbarlari haftada bir marta sayyor qabul o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan.

Biroq mavjud holat bu tadbirlar ba’zan xo‘jako‘rsinga tashkil qilinayotganini ko‘rsatmoqda. Misol uchun, ayrim sektor rahbarlarining ommaviy sayyor qabullarida 4-5 ta, hatto 1 ta murojaat qabul qilingani kuzatilgan.

Shu bilan birga hududlardagi sektor rahbarlarining ommaviy sayyor qabulida boshqa sektorlar rahbarlari o‘rinbosarlari hamda tegishli tashkilot va muassasalarning rahbarlari ishtirok etmasligi murojaatlarning qonuniy va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashga to‘sqinlik qilmoqda. Oqibatda fuqarolar yechimini topmay kelayotgan masalalari yuzasidan turli idoralarga takror va takror murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan eng ko‘p ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilgan fuqarolar bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, Samarqand viloyatidan 28 nafar fuqarolar turli idoralarga 2892 marta murojaat qilgan.

Bundan tashqari, yuqoridagi qarorda sektor rahbarlariga hududlarda uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganish, ularni tahlil qilish va o‘z vaqtida yechimini topish vazifasi yuklatilgan. Ammo olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda sektorlar faoliyatini tashkil etishda, uyma-uy yurib aholining muammolarini o‘rganib, hal etish masalalarida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Jumladan, uyma-uy yurish davomida aniqlangan muammolarning Urgut tumanida 80 foiz, Kattaqo‘rg‘on tumanida 80,4 foiz, Paxtachi tumanida 81,3 foiz, Samarqand shahrida 83,6 foiz, Past Darg‘om tumanida 84,9 foiz, Qo‘shrabot tumanida 85,5 foiz va Ishtixon tumanida 86 foizi hal etilgan. Birgina shu raqamlarning o‘ziyoq sektorlar faoliyati xo‘jako‘rsinga tashkil qilinganini isbotlab turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalari bu fikrni yana bir karra tasdiqlaydi.

Jumladan, Past Darg‘om iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida joylashgan 1-sektor kotibi tomonidan uyma-uy yurish tadbirlari davomida aniqlangan muammolar bo‘yicha tegishli tahlil va takliflar berilgan bo‘lsada, tuman hokimligining iqtisodiyot bo‘limi tomonidan haligacha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmagan.

Uyma-uy yurish jarayonida to‘ldirilgan savolnomalarni takroriy o‘rganish maqsadida ishchi guruh a’zolariga berib yuborilgan. Biroq sektor shtabi a’zolaridan biri – tuman «Suvoqova» davlat unitar korxonasi xodimi E.Nazarov bilan tumanning “Mevali” mahallasida takroriy o‘rganib kelayotganligini bildirgan “Mevali” mahallasida tanlov asosida bir nechta fuqarolarning xonadonlariga kirilganda, ularning birortasi xonadonlariga ishchi guruh kelganligini tasdiqlamagan.

Shuningdek, Payariq qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va servis kasb-hunar kollejida joylashgan 1-sektor ishchi guruhi a’zolari vazifalar taqsimoti bilan tanishmagan.

Sektor shtabi a’zolarining kunlik yo‘qlamasi bo‘yicha jurnalga ko‘ra, tuman prokurorining yordamchisi D.Bekmurodov va tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari A.Vaxobovlar joriy yilning 1 fevral kunidan 31 may kuniga qadar biror marta sektorga kelmagan.

Tabiiy ravishda savol tug‘iladi: xo‘sh, hududlarni sektorlarga bo‘lib, odamlarni dardini tinglashni yo‘lga qo‘yish, joylardagi muammolarni tizimli bartaraf qilishdan kim manfaatdor? Nega bu masala, joylarda mutasaddilar tomonidan hamon to‘g‘ri va tartibli yo‘lga qo‘yilmayapti? Birinchi sektor, ya’ni tuman hokimlari bosh bo‘lgan sektor shtablarida ish belgilangan talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagach, boshqa sektorlardan nimani kutish mumkin?

Aslida bu ishlarning hammasi odamlarni rozi qilish, muammolarni joyida hal qilishdan iborat emasmi?

Yo.GADOYeV.