Sel xavfi: Odamlar qanday yo‘l tutishi kerak va nimalar qilindi?

Ketma ket yomg‘irlar natijasida sel xavfi yuzaga keladigan hududlar Samarqandda ham bir necha shahar-tumanlarda bor. O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati viloyat tashkiloti raisi Munira Aripova mazkur ofat  vaqtida harakatlanish, uning oldini olish borasida qilingan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. 

Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari Federatsiyasi bilan hamkorlikdagi “Markaziy Osiyo davlatlarida mahalliy darajada tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish orqali mahallalar barqarorligini kuchaytirish” loyihasi bo‘yicha 2021-2022 yillarda Samarqand shahri, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand, Urgut tumanlaridagi favqulodda holatlar sodir bo‘lishi ehtimoli ko‘proq bo‘lgan 20 ta mahalla  va ularning hududlaridagi maktablarda favqulodda vaziyatlarda qutqarish va birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi va ushbu mahalla va maktablarga 141 million so‘mdan ortiq miqdorida favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va jihozlar  yetkazib berildi. 

Sel xavfining oldini olish borasida Samarqand shahridagi 8 ta mahallada ariqlar tozalanib, suv yo‘llari ochib berildi. Sel natijasida to‘planib qoladigan suv xonadonlarni bosib ketmasligi uchun monolit devor barpo qilindi, lotoklar o‘rnatildi va suvni chiqarib yuborish trubalari yotqizildi,  suv yig‘ish quduqlari kovlandi. Jarliklar bo‘lgan joylarning atrofi po‘lat sim to‘rlari bilan o‘rab olinib, aholining o‘tib qaytishi uchun xavfsizlantirildi.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Javlon va Urgut tumanidagi Kenagas mahallasida artezian qudug‘i kovlanib, mahalla aholisi  ichimlik suvi va sug‘orish suvi bilan ta’minlana boshlandi. 

Samarqand tumanidagi O‘rta Ohalik mahallasida yo‘l chekkasiga lotok o‘rnatilib,  soy ustiga metall ko‘prik barpo etildi. Jomboy tumanidagi Olmazor mahallasida sug‘orish qudug‘i kovlanib, yong‘inga qarshi kurash basseyni barpo etildi. Urgut tumanidagi Chorchinor mahallasidan oqib o‘tuvchi soy qirg‘og‘i bo‘ylab monolit devor barpo etildi. Ushbu ishlar uchun 550 million so‘mdan ortiq miqdorda mablag‘ sarflandi. 

2022 yil 20 aprelda yoqqan kuchli sel natijasida Samarqand shahridagi Amir Temur ko‘chasi 999-xonadonning zarar ko‘rgan kishilarning har biriga tashkilotimiz tomonidan ko‘rpa-to‘shak majmuasi bilan yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, xonadonni ta’mirlash maqsadida viloyat tashkiloti tomonidan homiylar izlandi va mazkur ishlar uchun ular tomonidan bir ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurdagi jamoat fondidan yutib olingan “Rahm-shafqat xizmati” grant mablag‘lari hisobidan 20 million so‘mga nogironlik aravachalari, tanometrlar, qo‘ltiqtayoqlar, xodunoklar, hassalar va boshqa buyumlardan iborat reabilitatsion jihozlar xarid qilindi. Hozirgi kunda bu jihozlar murojaat etgan kishilarga bepul ma’lum vaqtda foydalanishlari uchun ijaraga berilmoqda. 

Keksalarni va imkoniyati cheklangan shaxslarni parvarishlovchi xodimlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilib, ularda 524 nafar kishilar favqulodda holatlarda birinchi yordam ko‘rsatish asoslariga o‘rgatildi va sertifikat oldi.