Senat 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan samarqandlik homilador ayol ishi bo‘yicha so‘rov yubordi
29 aprel uni ijtimoiy tarmoqlarda “Homilador ayol 8 oylik go‘dagidan mahrum qilinib, qamoqqa olindi” sarlavhasi ostidagi videomurojaat e’lon qilindi.
Unda Samarqand shahridagi tumanlararo pochta bog‘lanmasi operatori lavozimida ishlab kelgan Anora Rajabova va bog‘lanmaning qator boshqa xodimlari 2018 yilning 6 oyi mobaynida 743 million so‘m miqdordagi pul mablag‘larini talon-toroj qilganlikda aybdor deb topilib, jazolangani to‘g‘risida fikr yuritilgan. Murojaatda A.Rajabovaga qo‘yilgan barcha ayblarni qayta ko‘rib chiqish lozimligi ta’kidlanadi.
Jumladan, tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, sud A.Rajabovani 8 oylik farzandi borligi va hozirda yana homilador ekanligini inobatga olmay, 5 yilu 2 oy muddatga qamoq jazosi tayinlagan, deb hisoblaydi.
Hozirda fuqaroning murojaati yuzasidan Oliy Majlis Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Oliy sudiga Senatning so‘rovnomasi yuborilgan.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy sud va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda masalani atroflicha o‘rganib, natijalari yuzasidan ommaviy axborot vositalari orqali axborot berilishi ma’lum qilgan.