Senat Raisi Jahon bankining Markaziy Osiyo buyicha mintaqaviy direktori bilan uchrashdi

2021 yil 19 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jahon bankining Markaziy Osiyo buyicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk hamda Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi raxbari M.Mantovanelli bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va yangi yo‘nalishlarni qamrab olgan holda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Tomonlar Hukumatning 2021 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rivojlanish rejalari, shu jumladan, xususiy sektorni rivojlantirish va sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha rejalashtirilgan islohotlarning navbatdagi siklini ham muhokama qildi.

Bundan tashqari, Jahon banki tomonidan ishlab chiqilayotgan mamlakat bilan sheriklik konsepsiyasi doirasida moliyalashtirish uchun ko‘rib chiqishni rejalashtirilgan qisqa va o‘rta muddatli davlat investitsiyalarining ustuvor yo‘nalishlariga urg‘u berildi.

Jahon bankining Markaziy Osiyo buyicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning natijalariga yuqori baho berib, ularning ijobiy dinamikasi va mamlakatni jadal rivojlantirish uchun keng istiqbollar mavjudligini qayd etdi.

L. Burunchukning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘pgina yo‘nalishlarda juda yaxshi natijalarga erishdi. Qolaversa, gender tenglikni ta’minlash, shu jumladan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar va yoshlar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etish borasida Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchilik qiladi. Bundan tashqari, bugun O‘zbekiston Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida olib borilgan islohotlar natijasida inson huquqlarini ta’minlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish masalalarida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. O‘zbekiston Prezidenti parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida inson manfaatlari, xalq farovonligiga ham e’tibor qaratildi.  

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mantovanelli ta’kidlaganidek, parlament yuqori palatasi Raisining Jahon banki rahbarlari bilan olib borgan muzokaralari natijasida qishloq joylarida xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,7 mln. AQSh dollariga teng dastlabki loyiha tayyorlandi. Loyiha joriy yilda mamlakatimizda amalga oshirilishi ko‘zlangan.

Uchrashuvda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xususan, qishloq joylarida faoliyat boshlagan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, davlatimiz tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar  yuzasidan fikr almashildi.