Senat Raisi Rossiyadagi vatandoshlarimiz bilan uchrashdi
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbarining tashrifi Rossiya Federatsiyasida yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvdan boshlandi.
Unda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi B.Asadov, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E. Muxitdinov, Rossiya Federatsiyasi poytaxtida yashayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, onlayn-rejimda Rossiyaning deyarli barcha hududlaridagi diasporalar rahbarlari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va o‘zgarishlar, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mehnat migrantlarini tizimli qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratilayotgani, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar, xorijda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi hududlarida bosh konsulliklar ochilishi aksariyat fuqarolarimizning hayotini ancha yengillashtirdi, shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida misli ko‘rilmagan yordam ko‘rsatildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar Rossiyadagi vatandoshlarimizga yordam ko‘rsatilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor qilib, Rossiyada o‘zbek madaniyati va milliy qadriyatlarini targ‘ib qilishga, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini o‘tashga tayyorligini bildirdilar.
Rossiyadagi fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir necha yil oldin boshlangan islohotlar samarali bo‘lgani, murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimizga manzilli yordam ko‘rsatilayotgani, mehnat migrantlari uchun ham ijtimoiy kafolatlarning yangi mexanizmlari yaratilgani, shuningdek, fuqarolarimizning mehnat huquqlarini ta’minlashga qaratilgan hukumatlararo kelishuvlar Rossiya tomonidan ham bajarila boshlangani ta’kidlandi.
Yurtdoshlarimiz yoshlar va gender siyosatini amalga oshirishda mamlakatimizning erishayotgan bugungi yutuqlaridan faxrlanadilar.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida Moskvada vatandoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan “Dugonalar” klubi O‘zbekiston Respublikasining Moskvadagi Elchixonasi huzurida Xotin-qizlar jamoat kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.
Talaba yoshlar ham O‘zbekiston tomonidan ularga ko‘rsatilayotgan yordam haqida so‘zlab berdilar.
Ikki mamlakatning tegishli idoralari ko‘magida Rossiyada o‘zbek xalqining boy tarixiy va madaniy merosi hamda ezgu an’analarini ommalashtirishga qaratilgan turli tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Vatandoshlarimiz ta’kidlaganidek, ular Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligini keng nishonlashni, Moskva va Rossiya Federatsiyasi hududlarida bayram tadbirlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqdalar.
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Unda har bir ishtirokchi migratsiya qonunchiligini maqbullashtirish, ro‘yxatdan o‘tish tartibini soddalashtirish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun patent olish, mamlakatlar o‘rtasidagi transport aloqalarini to‘liq tiklash va boshqa masalalar xususida nafaqat o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdi, balki O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasining rahbariga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ham yo‘llay oldi.