Senat yangi tahrirdagi “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi
Senat tomonidan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuni ma’qullandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanali ma’lumot berdi.
Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi valyutasining chet el valyutasiga nisbatan kursini aniqlashda faqat bozor mexanizmlaridan foydalaniladi.
Shuningdek, qonunga ko‘ra, rezident yuridik shaxslar valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida:
- o‘z mulkida valyuta qimmatliklariga ega bo‘lishga;
- chet el valyutasini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazishga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan o‘tkazishga haqli.
Shu bilan birga, faoliyatni O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirish norezident yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bank hisobvaraqlarini ochishi va ulardan foydalanishi uchun majburiy talabdir.
Qonunga xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilishga oid normalar kiritildi.
Ma’qullangan qonun Prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach, rasmiy kuchga ega bo‘ladi.