Senatning bugungi yalpi majlisida 2023 yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi

Qayd etilishicha, o‘tgan yili 91 ta qonun ko‘rib chiqilgan. Bir qator qonunlar ijrosi, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini monitoring qilish yakunlari bo‘yicha Hukumat oldiga tegishli vazifalar qo‘yilgan.

Yalpi majlislarda 8 marta hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, hududlar rahbarlarining axborotlari eshitilgan.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalarni o‘rganishga alohida e’tibor bergan holda, senatorlar tomonidan yalpi majlislar muhokamasiga 17 ta muammoli masala olib chiqilgan. Ulardan 9 tasi ijobiy hal etilib, 8 tasi bo‘yicha muammolarni hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Yil davomida Senatning hududlarda olib borgan o‘rganishlari va uning yakunlari bo‘yicha hukumatga kiritgan takliflari asosida joylardagi muammoli masalalarni (maktab, bog‘cha, kasalxona, suvdan foydalanish, yo‘l qurish va hokazo) hal qilishga umumiy hisobda 1 trln. so‘mdan ziyod byudjet mablag‘lari yo‘naltirilishi ta’minlangan.

Senat qo‘mitalari tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida hududlarda 80 ga yaqin o‘rganish o‘tkazilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.

Majlis davomida parlament yuqori palatasining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy vazifalari ham belgilab olindi.