Senatning navbatdagi yalpi majlisida qanday masalalar ko‘riladi?

Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisini joriy yil 7 avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Yalpi majlisda, jumladan, quyidagi qonunlar ko‘rib chiqiladi:
➖ “Ta’lim to‘g‘risida”gi;
➖ “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi;
➖ “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi;
➖ “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi;
➖ “Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan “Qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati jarayonlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar muhokama qilinishi nazarda tutilgan.