Senatorlar qonunni nega rad etdi?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisining ikkinchi kunida bir qator qonunlar ko‘rib chiqildi. Unda “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan rad etildi. Xo‘sh, nima uchun?

Ushbu qonun bilan amaldagi 11 ta, ya’ni 3 ta kodeks va 8 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan edi. Xususan, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga kiritilishi mo‘ljallangan tuzatishlar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish natijasida olingan mol-mulkni maxsus musodara qilish tartibini belgilashni ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur qonun moliyaviy harakatlar bo‘yicha maxsus guruh (FATF) standartlarini, shuningdek bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan berilgan tavsiyalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yo‘lida ishlab chiqilgan.

To‘g‘ri, mazkur qonunni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimi samaradorligini oshirishdan iborat.

Biroq buning uchun dastlab ochiq fuqarolik jamiyatiga xos bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jazolovchi choralar bilan bog‘liq bo‘lmagan ilmiy yondashuvga asoslangan konstruktiv mexanizmlarni qo‘llash lozim. Ya’ni, bu maqsadlarga erishish uchun, eng avvalo, mamlakatning iqtisodiy tizimini to‘liq jamoat nazoratiga o‘tishiga erishish kerak.

Bu borada, birinchi navbatda, daromadlar va mol-mulkni deklaratsiya qilish institutini to‘liq joriy qilish zarur. Ushbu daromadlar va mol-mulkni deklaratsiya qilish institutini tahlili va ilg‘or xorijiy davlatlarda qo‘llash amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, uning tartib-qoidalari jamiyatimizga bosqichma-bosqich kiritilishi kerak. Ya’ni, deklaratsiya qilish talablari avval davlat xizmatchilariga, so‘ngra ma’lum jarayon amaliyotini tahlil qilgan holda boshqa daromad oluvchi shaxslarga tadbiq etilishi lozim.

O‘z o‘rnida, bu uchun aniq va ravon mezonlar yaratish kerak. Mezon deganda, halol yo‘l bilan topilgan daromadlarni qonunga xilof ravishda olingan daromadlardan ajrata bilish me’yorlarini shakllantirishdir. Shu bilan birga, daromadlar va mol-mulkni deklaratsiya qilish institutini joriy qilish degani, oddiy deklaratsiya qilish talablarini kiritish emas, balki uning bir qator huquqiy oqibatlarini tartibga soluvchi me’yorlarini belgilash bilan bog‘liq.

Daromadlar va mol-mulkni deklaratsiya qilish institutini joriy qilish – bu mamlakatning iqtisodiy tizimi to‘liq jamoat nazoratiga o‘tishining bir bosqichidir.

Mamlakatning iqtisodiy tizimi jamoatchilik nazoratiga o‘tishiga erishish davlat idoralari faoliyatini ochiqligini ta’minlash yo‘lidagi harakatlarni kuchaytirish, davlat xaridlari bilan bog‘liq ishlarni shaffofligiga to‘liq erishish, yashirin iqtisodiyot bozori alomatlarini bartaraf etish kabi qator harakatlarni tizimli ravishda amalga oshirish bilan bog‘liq.

Qayd etilgan institutlarni mantiqiy ketma-ketlik bilan va tizimli joriy qilinishi yo‘li bilan iqtisodiy tizim ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va ushbu jamoatchilik nazoratini barcha daromadlarni ochiq, shaffof va ravon filtriga aylantirishga erishish – eng asosiy vazifamizdir.

Daromadlar ustidan bunday samarali jamoatchilik filtri yaratiladigan bo‘lsa, amaldagi jinoyat hamda ma’muriy javobgarlik qonunchiligida yangicha jazolovchi choralarini belgilashga hojat qolmaydi. Shu jihatdan, faol islohotlar davrida daromadlar bilan bog‘liq sohada barcha konstruktiv choralarni ko‘rmasdan turib, keskin jazolovchi normalarni qabul qilish maqsadga muvofiq emas.

Ushbu xulosalarga asosan “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun rad etildi.

F.Toshev,

Oliy Majlis Senati a’zosi.