Senga baxt tilayman, Ona Sayyora!

Shu kunlarda O‘zbekistonda davlatlararo do‘stlik va hamkorlik uchun muhim sanalgan Rossiya madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir doirasida Samarqanddagi "Boqiy shahar" majmuasida katta konsert dasturi tashkillashtirildi.

Rossiya xalq artisti Sergey Jilin boshchiligidagi «Fonograf-Simfo-Djaz» orkestri jo‘rligida mashhur san’atkorlarning chiqishlari ishtirokchilarga "Boqiy shahar" majmuasining koloritida o‘zgacha zavq bag‘ishladi. 

San’atkorlar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular Toshkentdagi, yurtimizning turli maskanlaridagi chiqishlaridan, muxlislarning samimiy munosabatidan hayratini yashirolmadilar. Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Pelageya, Golos shousining g‘olibi, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Sergey Volchkov, shuningdek Aleksandra Vorobyova, Sofya Onopchenko, Tataristonda xizmat ko‘rsatgan artist Elmira Kalimullina, Katta teatr artisti (bariton) Nikolay Zemlyanskix, shuningdek, musiqachi, kompozitor Aleksandr Yelovskix ijrosidagi Vatan, do‘stlik, muhabbat haqidagi kuy-qo‘shiqlarni tomoshabinlar tingladi va birgalikda kuyladi. 

Ular orasida allaqachon O‘zbekistonda klip suratga tushirgan xonandalar ham bor ekan. 

- Buxoroda "Men seni Xudodan so‘raganman" nomli qo‘shig‘imga klip ishlagandik, - deydi "Golos" shousi g‘olibasi Elmira Kalimullina. - O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan juda qizg‘in ijodiy faoliyat olib borgandik. O‘shanda millat va davlatlarni san’atchalik hech nima yaqinlashtira olmaydi, degan xulosaga kelgandim. Davlatlar orasida san’atkorlarning ijodiy muloqoti millatlararo mustahkam rishtalarni bog‘laydi. Bunday birdamlik rishtalari bardavom bo‘lsin. 

Tadbir yakunida yangragan "Senga baxt tilayman, Ona Sayyora" degan qo‘shiqni muxlislar tik turib olqishladi. 

Gulruh Mo‘minova.