Serbiyada jahon chempionatining kumush medali bilan taqdirlangan oddiy askar

Samarqandlik yosh yigitcha qay tariqa yuksak marrani zabt etmoqda?!

Samarqand shahridagi harbiy qismda sport bilan shug‘ullanuvchi askarlar va harbiy xizmatchilarning vzvodi mavjud. Vzvod uchun ajratilgan bino foyesida askar va zobitlar tomonidan sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha erishgan medal, diplom va kuboklari burchagi tashkil etilgan.

– Harbiy xizmatchilarimiz sportning boks, qo‘l jangi, aralash jang turlari bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda g‘olib bo‘lgan, – deydi sportchilar vzvodi komandiri o‘rinbosari, katta leytenant Bekzod Dadajonov. – O‘tgan yili pandemiya tufayli ko‘plab musobaqalar qoldirildi. Ammo askar va harbiy xizmatchilar sport zalimizda muntazam mashg‘ulotlar olib bordi. Bundan tashqari, sport to‘garaklari tashkil etganmiz. U yerda harbiylarning farzandlari boks, qo‘l jangi, voleybol, yengil atletika bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashadi. Ularga Bahodir Nazarov hamda Dilnavoz Sherqulova sport sir-asrorlarini o‘rgatish barobarida o‘zlari ham shu yil o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Ta’kidlanishicha, harbiy xizmatchi Daler Yo‘ldoshev qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida va yaqinda o‘tkazilgan viloyat hokimi kubogi musobaqasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. To‘garak a’zosi Azizbek Akromov ham hokim kubogida o‘z vazn toifasida birinchilikni egalladi. O‘tgan yil oktyabr oyida Serbiyada o‘tkazilgan qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempionatida oddiy askar Dilshod Gadoyev kumush medali bilan taqdirlandi va 2021 yilda Moskva shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Andijon shahrida harbiy xizmatchilar o‘rtasida tashkil etilgan musobaqada oddiy askar Qobiljon Rahimov oltin medalga ega chiqdi.

Dilnavoz ShERQULOVA, qo‘l jangi bo‘yicha yetti karra jahon va O‘zbekiston chempioni, bokschi, kurashchi, velopoygachi:

- Men uchun harbiy xizmatni faqat erkak kishi o‘tashi kerak, degan tushuncha yo‘q. Yigitmi, qizmi Vatanga sodiq xizmat qilishi kerak. Yoshligimdan sportga bo‘lgan qiziqishim keyinchalik meni harbiylikka havasimni uyg‘otdi. Bu kasbni tanlaganimdan faxrlanaman. Hozirda harbiylarning 30 nafardan ortiq farzandiga mashg‘ulot o‘taman. Ba’zi paytda ulardan ham ko‘p narsalarni o‘rganaman. Askarlarning qiziqishi, intilishi, musobaqalarda erishgan yutug‘i bizni yanada ruhlantiradi. Kelajakda shogirdlarim orasidan jahon chempionlari chiqishiga va harbiylik kasbini tanlashiga sababchi bo‘lsak, ishimizdan yanada zavqlanamiz.

Bahodir NAZAROV, qo‘l jangi, boks bo‘yicha ko‘p karra jahon va O‘zbekiston chempioni, uch karra Umumarmiya o‘yinlari g‘olibi:

- Kasbdoshlarim va oddiy askarlar orasida sportchilar ko‘p. Ular sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mashg‘ulotlar va musobaqalarda muntazam ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Harbiy xizmatchilarning 7 yoshdan katta yoshdagi farzandlari bilan ularning qaysi sport turiga ko‘proq qiziqishini hisobga olgan holda ishlaymiz.

 

Husan Eltoyev.