Serbiyada keskinlashuv, bosh vazir iste’foga chiqdi. Yevropada Coca-Cola ichimliklari tekshiruvdan so‘ng ommaviy ravishda qaytarilmoqda

🔹 Kechadan buyon Serbiya poytaxtida norozilik namoyishlari davom etmoqda. Shaharning yirik transport markazi to‘sib qo‘yildi. Namoyishchilar hukumatni fojiaga olib kelgan korrupsiya, beparvolik va qarindoshchilikda ayblamoqda. Bugun Serbiya Bosh vaziri Milosh Vuchevich jamiyatdagi norozilik va bo‘linishlar fonida iste’foga chiqqanini e’lon qildi.

🔹 Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev hukumatga yadro klasterini yaratish bo‘yicha topshiriq berib, hukumat va parlamentdan ikkinchi atom elektr stansiyasini joylashtirish bo‘yicha takliflar kutayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Toqayev hukumatni “belbog‘ni mahkam bog‘lab, imkoniyatga yarasha yashashga” chaqirdi. Ya’ni jamg‘arish rejimiga o‘tish va mablag‘larni faqat eng dolzarb muammolarni hal qilishga sarflashni talab qildi.

🔹 Nyu-Dehlida qulagan besh qavatli bino vayronalari ostida 20 dan ortiq odam qolib ketdi. Bino endigina qurilgan va pardozlash ishlari olib borilayotgan edi.

🔹 Turkiya IShIDga qarshi kurashda Iroq, Suriya va Iordaniya bilan mintaqaviy ittifoq tuzish, xususan, uning tayanch nuqtalarini yo‘q qilish va moliyalashtirish manbalarini to‘xtatishni taklif qildi.

🔹 AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan respublikaga Amerika qurollari va harbiy texnikasi yetkazib berish hajmini oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

🔹 Kongo Demokratik Respublikasi sharqida joylashgan Goma shahrida Kongo armiyasi va isyonchilar o‘rtasida boshlangan janglarda kamida 17 kishi halok bo‘lgan, 367 kishi yaralandi. Kongo poytaxtidagi AQSh elchixonasida namoyishlar o‘tmoqda. Keskinlashuv boshlangan mintaqa volfram va tantal kabi muhim minerallarga boy. Aynan shu manbalar uchun kurash davom etmoqda: Isyonchilar Ruanda ko‘magida avtonom kvazi-davlat tuzilmasini yaratishga intilmoqda.

🔹 Sayyoradagi 500 eng badavlat kishining boyligi birdan 108 milliard dollarga kamaydi. Misol uchun, eng boy kompaniya maqomini yo‘qotgan amerikalik chip ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasining bosh direktori Jensen Xuang 20,1 milliard yo‘qotgan. Yana o‘nlab milliarderlar daromad yo‘qotgan. Texnologik kompaniyalar aksiyasining tushib ketishiga Xitoyning DeepSeek kompaniyasining bepul DeepSeek-R1 chatbotining muvaffaqiyati sabab bo‘lgan.

🔹 Eronning Qazvin shahri imomi, avvallari Ozarbayjonga qarshi bayonotlari bilan tanilgan Abdul Karim Abediniy lavozimidan ozod etildi.

🔹 Coca-Cola Europacific Partners Belgium kompaniyasi Belgiya, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Gollandiya, Fransiya va Germaniyadagi mahsulotlarni xlorat miqdori oshishi sababli ommaviy ravishda chaqirib olmoqda. "Bizda aniq raqamlar yo‘q, lekin gap sezilarli raqam haqida ketyapti", - deya izoh berdi kompaniya. Choralar 2024 yil noyabr oyi oxiridan muomalada bo‘lgan Coca-Cola, Sprite, Fanta, Fuze Tea, Minute Maid, Nalu, Royal Bliss va Tropico brendlariga nisbatan qo‘llaniladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, muammo Belgiyaning Gent shahrida ichimliklar sifatini tekshirish paytida aniqlangan.