Seulda Samarqandning turizm salohiyatini targ‘ib etuvchi turizm burchaklari tashkil etildi
Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi davom etmoqda.
Viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Seul shahrida o‘tkazilayotgan "Seoul International Travel Fair-2023" turizm ko‘rgazmasida Samarqandning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish orqali viloyatga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida «Star Samarkand» brendi ostida faoliyat olib boruvchi restoranlar tarmog‘i bilan kelishuv memorandumi imzolandi.
Unga muvofiq, viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi axborot xizmati tomonidan targ‘ibot materiallari hamkor restoranlar tarmog‘iga yetkazib berilishi, «Star Samarkand» restorani tomonidan esa maxsus burchak tashkil etish, mijozlar ovqatlanadigan stollarga joyalshtirilgan elektron taomnomalarda hamda LED ekranlarda Samarqand turizmi haqidagi video materiallarni tashrif buyuruvchilarga taqdim etish orqali targ‘ibot kompaniyasni tashkil etishga kelishib olingan.
Shu kunning o‘zida Seul shahrida joylashgan «Star Samarkand» restoranida turizm targ‘iboti burchagi tashkil etilib, barcha zaruruiy materillar hamkor tomonga yetkazilgan.
Kelgusida restoranlar tarmog‘i rahbariyatiga qo‘shimcha targ‘ibot materiallari hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari va liboslarini taqdim etish orqali selfi zona tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.
Shuningdek, Samarqand shahrida faoliyat olib borayotgan “Gastro Expert” akademiyasi Janubiy Koreyadagi «Star Samarkand» restoranlar tarmog‘i uchun oshpazlik, qassobchilik, ofitsiantlik, konditerlik va baristalik yo‘nalishlarida malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘zaro kelishuv memorandumi imzolandi. Bu esa o‘z navbatida Samarqandning gastronomik turizm salohiyatini Koreyada targ‘ib etishga xizmat qiladi.
«Star Samarkand» restoranlar tarmog‘i Janubiy Koreyada 2003 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur korxonaning Janubiy Koreya bo‘ylab 11 ta tarmog‘i faoliyat olib bormoqda. O‘rtacha hisobda mazkur restoranlarga bir kunda 5 ming nafardan ortiq mijoz tashrif buyuradi. Mijozlarning 85 foizini Koreya fuqarolari, qolgan 15 foizini esa Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari tashkil etadi.