Shahrisabzlik bemorda ijobiy o‘zgarishlar bor

Bolalarning “Dok-1 MAKS” dori vositasidan zaharlanib vafot etishi va mazkur preparatdan foydalanishning taqiqlanishi ortidan yuzaga kelgan holat ayni paytda atroflicha o‘rganilmoqda.

Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga shu doridan qabul qilishi oqibatida nojo‘ya ta’sir kuzatilib, murojaat qilgan bemorlar 22 nafarni tashkil etdi. Afsuski, bu bolalardan 18 nafarining hayotini saqlab qolishning imkoniyati bo‘lmagan. 3 nafar bemor sog‘aygan va ayni paytda qashqadaryolik bir nafar bolada ham ijobiy tomonga o‘zgarish kuzatilmoqda.

– Kuz va qish oylarida aholida, jumladan, bolalarda o‘tkir respirator infeksiyalar ko‘p kuzatiladi, – deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Dilshod Rahmonov. – Va, tabiiyki, bunday paytda aksariyat kishilar o‘zlari bilganicha, ya’ni shamollash paytida qabul qiladigan dori vositalarini xarid qilib, iste’mol qilishadi. Bunda dorilarning ommaviy axborot vositalarida, ko‘cha-ko‘yda nihoyatda ko‘p reklama qilinishi ham sabab bo‘ladi. Nazarimda, buni va dorixonalarda retseptsiz dori sotilishini ham tartibga olish kerak. “Dok-1 MAKS” preparati bilan bog‘liq holatlarning yuzaga kelishiga ham ma’lum ma’noda shu kabi omillar sabab bo‘ldi. Chunki, doridan zaharlangan bolalarning ota-onalari bilan gaplashganimizda, ko‘pchiligi o‘zlari borib dorixonadan shu vositani sotib olib, bolasiga ichirganini aytdi. Albatta, shifokorlar tomonidan yozib berilgan holatlari ham mavjud.

Bizda dastlab, oktyabr oyida ikki nafar bemorda ushbu dorini qabul qilishi oqibatida nojo‘ya ta’sir kuzatildi. Lekin hali aniq bir xulosaga kelishimizga to‘la asos yo‘q edi. Keyin noyabrda to‘rt-beshta holat yuzaga kelgach, bizda shubha paydo bo‘ldi va o‘z imkoniyatimiz darajasida o‘rganishni boshladik. Bizda ekspertiza qilish imkoniyat yo‘q, shunga qaramay, ota-onalarning fikrlari asosida firma bilan gaplashdik, o‘zimizning xulosalarimizni aytdik. Va 2022 yil 15 dekabrda ushbu dori vositasini bolalarda qo‘llashni to‘xtatib turishni so‘rab viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qildik.

Bolalar gemodializ bo‘limi Toshkentdagi bolalar milliy tibbiyot markazida va bizda borligi uchun “Dok-1 MAKS” qabul qilganidan so‘ng, buyrak faoliyatida nuqson kuzatilgan, siydik chiqarishida muammo paydo bo‘lgan bolalar markazimizga yuborildi. Aynan mazkur holatda Samarqanddan 10 nafar, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlaridan 4 nafardan bemor bizning markazga keldi. Hozirda Qashqadaryo viloyati Shahrisab tumanidan kelgan uch yoshli A.Fayziddinov davolanmoqda va uning salomatligida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Bemor bolaning onasi so‘zlariga ko‘ra, farzandida isitma kuzatilgach, u dorixonadan “Dok-1 MAKS” dori vositasi xarid qilib, ichirgan.

– Ikki kun ichirdim, natija bo‘lmadi, aksincha, bolam qayd qila boshladi. Shunda ham bu doridan deb o‘ylamadim va yana ikki kun ichirdim. Keyin poliklinikaga olib bordim va vrach boshqa dori yozib berdi. Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda “Dok-1 MAKS”dan bolalarning zaharlanayotganini o‘qib qolib, zudlik bilan bolamni Samarqandga olib keldik, - deydi bemorning onasi.

– Bu bemorni bizga tana harorti ko‘tarilishi, ko‘p marta qusishi, uyquchanlik, darmonsizlik, oxirgi ikki kundan buyon siydik ajralmagani, ichi suyuq o‘tishi, qorni damlashi haqidagi shikoyatlar bilan keltirishdi, – deya so‘zida davom etadi D.Rahmonov. – Tekshirishlar va mutaxassislar ko‘riklari asosida bolaga tashxis qo‘yilib, reanimatsiya bo‘limida intensiv muolajalar olib borilmoqda. Gemodializ seanslari o‘tkazildi. 28 dekabrdan siydik ajralishi boshlandi, 31 dekabr holatida bemor ahvolida ancha ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.

G‘.Hasanov.