"Shamol yo‘li"ni "Tarannum" etib

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Jumagul Suvonovaga!
"Tarannum" va "Shamol yo‘li" kitoblaringiz taqdimotida ishtirok etdim. Samarqand davlat universitetining kutubxonasi ijodkorlar, olimlar, she’riyat, adabiyot ixlosmandlari bilan to‘ldi. Bu adabiyot bayrami, she’riyat, diydor bayrami.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Farmon Toshev, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov, professorlar Suyun Karimov, Azamat Pardayev, filologiya fanlari doktori Azmiddin Nosirov she’riyatingizdagi ohangdorlik, falsafiy qarashlarni tasavvufona aks ettirilishi, satrma-satr sayqallanib, tobora kishi qalbiga singib borishini alohida ta’kidladi. Yangi nashrdan chiqqan kitoblaringizda bu kabi o‘ziga xoslik ro‘y-rost bo‘y ko‘rsatgan. Xususan:

Kecha ojiz edim,
Kecha g‘o‘r edim,
Bugun g‘ururiga asir to‘raman.
Kissalari bo‘m-bo‘sh, qo‘llari bo‘m-bo‘sh,
Lekin yuraklarga borar yo‘ldaman.
“Tarannum”dan o‘rin olgan bu misralar sizni ham inson, ham shoir sifatida kamol topayotganingizdan darak beradi.
“Binafsha”, “Tillaqosh”, “Yig‘layotgan ohu”, “Olovli fasl”, “Odamqush qo‘shig‘i”, “Tuproq isi”, ”Muzaffar yog‘dular” nomli she’riy hamda “Umr karvoni”, “Qirmiz qizning qissasi”, ”Darbadar” nomli nasrdagi ijod namunalaringiz sermahsul ijodingizdan darak berib turibdi. "Usmon Azim she’riyatida badiiy tafakkur”, "Hozirgi adabiy jarayon va poetik uslub muammosi", "Kechinmalar poetikasi va uslubiy mahorat qirralari" nomli monografiyalar adabiyotshunoslikda ham o‘z so‘zingiz, o‘z yo‘lingiz borligini namoyon etadi.

Sizning ijodingizni kuzatayotgan bir muxlis sifatida meni xursand qilayotgani to‘rt-besh yil vaqt oralig‘ida ijod namunalaringiz bir nechta tillarda Hindiston, AQSh va Ispaniya kabi mamlakatlarda chop etildi. “Oromsiz oqshomlar” kitobingiz AQShda ingliz tilida chop etilib, kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. Hindistonda “Yangi asr she’riyati” antalogiyasi hamda AQShda shoirlar va yozuvchilar sayyorasi antalogiyasidan o‘rin olganingizdan juda faxrlandim.
Bir muxlis sifatida ijodingizni juda qadrlayman. She’rlaringizni o‘qigan kishi borki, shoira "mening dardimni yozibdi", deyishi tayin.

Yeganin osh demang yolg‘iz ayolning,
Shayton tovog‘iga qo‘lin soladi.
Dasturxon boshida dadasin izlab,
Yo o‘g‘li, yo qizi yig‘lab qoladi...

Esimda, shunday misralar bilan boshlanuvchi ashula yangradi deguncha yuzlarimiz marvarid tomchilarda yuvilardi. Xuddi bizni otasiz hayotimizni ko‘rib turganday, tasalli berish uchun onamga, bizga atab yozgandaysiz. Dasturxon atrofida yig‘lab turganlarimiz, har tong suratiga salom berishlar tongdagi duolar bilan o‘rin almashdi. Lekin har safar "Yeganin osh demang"ni eslasam, o‘tmishimiz ko‘z oldimda gavdalanaveradi.

"Yolg‘iz ayol" she’rini yozguncha bag‘ri dilingiz yongani, qovrilgan qalbingizga taskin topa olmay ming bir azoblar iskanjasida tilkalanganingiz, o‘sha holatda ham matonat bilan jasorat topganingizga tasanno aytaman.
Farg‘onadagi safarimizda onajonimga taqdirdosh ayol, xalqimizning sevimli san’atkori Oxunjon Madaliyevning rafiqasi Habibaxon opa bilan suhbatlari iztirob, ohlari bilan yozilgan o‘sha ashulani ko‘zyosh bilan xotirlaganlariga guvohman. Onamga taqdirdosh qanchadan-qancha onalar, ota mehriga to‘ymagan go‘daklar nolasi bo‘lgan bunday mahzun satrlar dardkashingizga aylanadi.
Fursatdan foydalanib, ko‘p sonli muxlislar nomidan tashakkur bildiraman. Xalq nazarida, eldoshlar e’tirofidan ko‘ksingiz osmon bilan bo‘ylashib yursin. Umidingiz bog‘lari zavol ko‘rmasin.

Aziza Boymurodova.