Sharl Mishel: Samarqand – insoniyatning boyligi

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel Samarqandda bo‘ldi.

Samarqand xalqaro aeroportida yuksak martabali mehmonni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri V.Norov va viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi.

Yevropa kengashi Prezidenti Samarqand bilan tanishuvni Shohi Zinda yodgorlik majmuasidan boshladi.

Mehmonga bu yerdagi tarixiy obidalarning yaratilishi, xalqimizning diniy e’tiqodi va qadriyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Sharl Mishel majmuadagi har bir maqbara va obidalar tarixi, ularning sharqona arxitekturasi bilan qiziqdi.

Amir Temur maqbarasiga tashrif chog‘ida buyuk jahongir, Sohibqiron Amir Temurning davlatchilik siyosati, Movarounnahr, jumladan Samarqandda amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari haqidagi ma’lumotlar Yevropa kengashi Prezidentida katta taassurot qoldirdi.

Dunyoga mashhur Registon majmuasiga sayohat ham Sharl Mishelning hayrat va havasiga sabab bo‘ldi.

- Samarqand azaldan sivilizatsiya markazi, ilm-fan va madaniyat ravnaq topgan maskan bo‘lgan, - dedi Sharl Mishel. - Lekin bu shahar tasavvur qilganimdan ham go‘zal va betakror ekan. Bu butun insoniyatning o‘tmishi va boyligidir. Umuman, O‘zbekistonga tashrifim, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralarimiz ham samarali bo‘ldi.

Yevropa kengashi Prezidenti “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasini ham tomosha qildi.