“Sharq taronalari” festivalining tilga kirgan xronikachisi – Samarqandda

Ha, shunday. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, 79 yoshli tajribali jurnalist Flora Faxrutdinni ko‘pchilik “Sharq taronalari” festivalining tilga kirgan xronikachisi sifatida taniydi.
Shuningdek, Flora Faxrutdin madaniyat va san’atni keng targ‘ib etish yo‘lida yuzlab maqolalar muallifi. Uning nomi, ayniqsa, Samarqand shahrida an’anaviy ravishda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bilan uzviy bog‘liq. Jurnalist ushbu festivalning ilk yillaridan — 1997 yildan boshlab uni keng jamoatchilikka yoritishda faol ishtirok etdi. U har bir festivalning tashkilotchilik ishlari, texnik tayyorgarligi va ijodiy jarayonlarini o‘z maqolalarida batafsil yoritib, muxlislarga nafaqat yangilik, balki tarixiy hujjat sifatida ham qiziqarli ma’lumotlar taqdim etib keldi.
Festival tarixini aks ettiruvchi suratlar, dasturlar va arxiv hujjatlarini aniq va puxta saqlagani sabab, u bugungi kunda ham jurnalistlar, tadqiqotchilar va madaniyat soha fidoyilari uchun ishonchli manba hisoblanadi. Uning maqolalari nafaqat O‘zbekiston matbuotida, balki Yevropa va Osiyo davlatlarining nufuzli nashrlarida ham e’lon qilingan. Flora Faxrutdin shu tariqa o‘zbek musiqa madaniyatining xalqaro maydonda tanilishiga munosib hissa qo‘shgan.
Bugungi kunda ham u faol ijod bilan shug‘ullanishda davom etmoqda. Shu yilning 4 avgust kuni u Samarqand viloyati “Matbuot uyi”ga kelib, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi xodimlari hamda “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari muxbirlari bilan uchrashdi. Suhbat davomida o‘zining uzoq yillik tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, yosh jurnalistlarga amaliy maslahatlar berdi, tahririyatlardagi sharoitlar bilan tanishdi.
U viloyat matbuot muzeyidagi noyob eksponatlar bilan ham tanishdi. Samarqand milliy matbuotimizning beshigi sifatida o‘z o‘rniga ega ekanini alohida ta’kidladi. - Samarqanddagi ilk nashrlar, taniqli muharrirlar va jurnalistlar maktabi butun mamlakatimiz matbuot tarixi uchun muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi Flora Faxritdin. – Men buni ushbu muzeyda bo‘lib, yana bir bor his etdim.