Sharqona ma’naviyat va zamonaviy taraqqiyot chorrahasidagi Eron

Professor Azamat Akbarovning qadimiy ma’naviyat o‘choqlaridan biri bo‘lgan Eron bo‘ylab amalga oshirgan safari natijasida yaratilgan ana shu nomdagi kitobi chop etildi.

Samarqand shahridagi "Panjob" madrasasida ushbu kitobning taqdimoti o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan bir guruh taniqli olimlar va mutaxassislar o‘zlarining kitob haqidagi iliq fikrlarini bildirdi.

- Kitob keng omma uchun mo‘ljallangan, - deydi "O‘zbekiston-Eron" do‘stlik jamiyati boshqaruv kengashi a’zosi Haydar Xolov. - Kitob sahifalarini varaqlar ekansiz, siz ham muallif bilan birga ushbu  mamlakatning jozibali shaharlariga sayohat qilish barobarida, uning qadimiy osori-atiqalari, ma’naviy dunyosidan bahra olasiz. Shu bilan birga, bashariyat taraqqiyoti uchun xizmati singgan buyuk davlat arboblari va ijodkorlari bilan tanishasiz, shirinsuxan odamlarining muomalasi va urf-odatlaridan zavqlanasiz, taomlaridan tatib ko‘rgandek bo‘lasiz.

Kitob O‘zbekiston va Eron davlatlari rahbarlarining ikkala mamlakat o‘rtasidagi madaniy va gumanitar sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlariga mos bo‘lib, “O‘zbekiston-Eron” do‘stlik jamiyati tomonidan qadimdan O‘zbekiston va Eron xalqlari o‘rtasida mavjud bo‘lgan o‘zaro do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan faoliyatida muhim manba va  vositalardan biri bo‘lishi shubhasizdir.

- 80 dan ortiq davlatga borganman, lekin Eronda bo‘lmagandim, - deydi kitob muallifi Azamat Akbarov. - Eron men uchun faqat orzu bo‘lgan. Nihoyat, menga Eron tashqi ishlar vazirligi tomonidan "Tehron dialog forumi" nomidagi konferensiyada O‘rta Osiyoda bo‘lib o‘tgan so‘nggi o‘zgarishlar va ta’lim tizimi haqida ma’ruzachi sifatida ishtirok etish imkoniyati berildi. Shundan so‘ng Eronda 1 oy bo‘ldim va u yerdan ko‘plab qimmatli taassurotlar bilan yurtimizga qaytdim.

Taqdimot so‘ngida qatnashchilarga muallifning ushbu kitobi sovg‘a qilindi.

Jasurbek ShUKUROV.