Shavkat Mirziyoyev: “Mening bozorim ham, mozorim ham mana shu yer — Jizzax”

Prezident saylovoldi uchrashuvlarining oxirgisini ota yurtida o‘tkazmoqda va minbarda ilk marta hayajon sezilayotganini aytdi.

Viloyatda yangi tashkil etilgan sanoat zonasidagi avtomobil zavodida tashkil etilgan uchrashuvda viloyatda hokimlik qilgan yillarini eslab, Jizzaxda orttirgan tajribasi hozir ham asqatayotganini ta’kidladi.

“Men ko‘p narsani Jizzaxda o‘rganganman, og‘ir yillarim o‘tgan bu yerda. Ko‘pchilik meni paxtani yaxshi biladi, deyishadi. Lekin mening mutaxassisligim boshqa edi. Kechalari kitoblar o‘qiganman va qiyinchiliklar bilan tajriba orttirdim. Bu hayot maktabini menga Jizzax berdi, mana shu yurt meni o‘qitgan desam haqiqat bo‘ladi. Mana shu tajribam Samarqand viloyatida hokimligida ham, bosh vazirligimda ham foyda berdi, hozir ham asqotyapti.
Men tarix to‘g‘risida ko‘p gapiryapman. O‘zbekiston farzandi Sharof Rashidovga nisbatan qilingan adolatsizliklarni qabul qila olmayman. Shuning uchun bu insonning ulug‘ nomini, xotirasini o‘z o‘rniga qo‘yishimiz kerak. Tez orada Samarqand davlat universitetida muzeylarini ham tashkil qilamiz. Bir narsani ta’kidlamoqchiman – endi tarixni boricha, adolatli qilib ko‘rsatamiz.
Hech bir viloyatda minbarga hayajon bilan chiqmagandim, lekin Jizzaxda hayajon sezilyapti. Chunki mening bozorim ham mozorim ham shu yurt”, - qo‘shimcha qildi Sh. Mirziyoyev.

Shuningdek, jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvni nima uchun oxiriga rejalashtirganiga oydinlik kiritdi.

“Nima uchun Jizzax viloyatini oxiriga qoldirdim? Sirdaryoga kelganda bir kunda kelib ketsa bo‘lardi. Lekin Jizzax menga ota yurt, meni ulg‘aytirgan zamin. Har biringiz menga qadrdonsiz, sizlar bilan alohida uchrashmasam bo‘lmasdi.

Juda ko‘p joylarda uchrashuvlar o‘tkazdik, bir narsaga amin bo‘ldimki, odamlar o‘zgaryapti. Faqat o‘z viloyati, hududi uchun emas, butun O‘zbekiston rivojlanishi uchun harakat qilishyapti. Hamma bir gapni qaytaryapti – “Qilsa bo‘lar ekan-ku!”. Har bir xonadon o‘zini o‘zgartirsa bo‘lar ekan-ku.

Jizzaxdagi qiyinchiliklarni men yaxshi eslayman. Jizzax Samarqand yo‘lida joylashgan, Tojikistonga qo‘shni. O‘sha paytlarda shu yo‘lda katta bozor qurish uchun bor yo‘g‘i 25 ming dollar so‘raganimda 500 so‘m ham berilmagandi. Tekstil korxonasini yo‘lga qo‘yish, Zarafshondan suv olib kelish uchun kamida 20 ta xat yozgandim, lekin baribir amalga oshmagan. Mana, hozir har bir viloyatda bir nechtada tekstil korxonalari ishlab turibdi”, - dedi davlat rahbari.