Shavkat Mirziyoyev: O‘zim ham qishloqdan kelib, 15 yil ijarada yashaganman
Toshkentdagi Talabalar shaharchasi hududida 6 ta 9 qavatli turar joy bunyod etildi. 216 ta xonadon jihozlangan holda foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbari bugun mazkur uylarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, xonadon egalari bilan suhbatlashdi.
- Sizlarni, sizlar orqali bu yerda yashaydigan barcha oilalarni tabriklayman, mana shu shinam, zamonaviy uylar muborak bo‘lsin!
O‘zim ham qishloqdan kelib, 15 yil ijarada yashagan odam sifatida bu narsaning qadrini juda yaxshi his qilaman. Biz olim va pedagoglardan natija kutardigu, sharoitini so‘ramasdik. Sizlarni ham rozi qiladigan vaqt-soat keldi.
Ilmli odamlar – mamlakatimizning oltin fondi. Ularning qo‘lida kelajagimiz bo‘lgan bolalarimiz tarbiyalanadi. O‘qituvchilar uyli bo‘lib, oilasidan ko‘ngli to‘q bo‘lsa, kasbiga mehr bilan, Vatanga sadoqat bilan ishlaydi. Bu uylar sizlarga buyursin, shu yerda to‘ylar qilinglar, deya ezgu niyatlar bildirdi Prezident.