Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Afg‘oniston bo‘yicha konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

Ayni paytda Toshkent shahrida 100 dan ortiq xorijiy delegatsiyalar ishtirokida «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot» xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Abdulaziz Kamilov Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi.

Prezident o‘z murojaatida Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘ymaslik muhim ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, jahon hamjamiyati qo‘shni mamlakat bilan munosabatlarda avvalgi xatolarni qayta takrorlamaslik zarurligini aytgan.

«Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 1990 yillardagi xatolarni qayta takrorlamaydi, ularni chetlab o‘ta oladi va shunga erishish lozim. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik muhim. Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda», deydi davlatimiz rahbari.