Shavkat Mirziyoyev vertolyotda Qorako‘l va Olot tumanlaridagi holatni ko‘zdan kechirdi
Davlatimiz rahbari Olot tumani markazida mahalliy aholi vakillari, faollar bilan uchrashuvda kechagi kuchli shamol kutilmagan va ilgari kuzatilmagan tabiiy ofat bo‘lganini, odamlar turmushi, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga salbiy ta’sir qilganini afsus bilan qayd etdi.
Xalqimiz hamjihat bo‘lib, bunday sinovlarni ko‘p yengib o‘tgan. Bu safar ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, talafot oqibatlari tezda bartaraf etiladi. Eng muhimi, ruhni tushirmay, birgalikda kurashsak, bu qiyinchiliklardan kuchli bo‘lib chiqamiz, deb ta’kidladi Prezidentimiz.
Turar-joylar va infratuzilma ob’yektlarini ta’mirlash, aholiga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilandi.