Shaxmat JCh-2023: Rapid yo‘nalishida shaxmatchilar qancha pul ishlab oldi?
Samarqandda o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha VI jahon chempionati davom etmoqda. Kecha rapid yo‘nalishi musobaqalari yakunlandi.
VI jahon chempionatida erkaklar o‘rtasida amaldagi jahon chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsen 10 ochko bilan rapid yo‘nalishida chempion bo‘ldi va besh karra jahon chempioniga aylandi.
Ikkinchi o‘rin 9,5 ochko jamg‘argan Sloveniya vakili Vladimir Fedoseyevga, uchinchi o‘rin esa 9 ochkoga ega bo‘lgan xitoylik Yu Yang Yiga nasib etdi.
Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov mazkur yo‘nalishda 9 ochko to‘plab 11-o‘rinni egalladi.
Mukofot jamg‘armasi 350 ming dollar bo‘lgan erkaklar o‘rtasidagi musobaqada norvegiyalik amaldagi chempion Magnus Karlsen 60 ming, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan sloveniyalik Vladimir Fedoseyev 50 ming hamda uchinchi pog‘onadagi Xitoy vakili Yu Yang Yi 40 ming dollar pul mukofotiga ega bo‘ldi.
11-o‘rindan joy olgan Nodirbek Abdusattorov esa turnir orqali 5 ming, 30-pog‘onadagi hamyurtimiz Jahongir Vohidov esa 1500 dollar ishlab oldi.
Ayollar bahsi 11 partiya davom etdi. FIDE bayrog‘i ostida dona surgan xalqaro neytral sportchi Anastasiya Bodnaruk 8,5 ochko bilan jahon chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni Hindiston vakilasi Humpi Koneru hamda xitoylik Le Tingji egalladi.
Ayollar guruhida birinchi o‘rin 40 ming, ikkinchi o‘rin 30 ming va uchinchi o‘rinni egallagan shaxmatchi 20 ming AQSh dollar ishlab oldi.
Bugun chempionatning blits yo‘nalishida musobaqalar davom etadi.