Shaxmat oyligi yakuniy final bosqichida kim g‘olib bo‘ldi?
Samarqand olimpiya zaxiralari kollejida “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida yanvar oyida o‘tkazilgan shaxmat oyligi musobaqasining final bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizimni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov va viloyat hokimining o‘rinbosari B.Nurullayev ishtirok etib, shaxmatni aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish va ommaviy sportga aylantirishga erishish kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, yosh iqtidorli shaxmatchilar safini yanada kengaytirish orqali professional shaxmatchilar va xalqaro grossmeysterlar etib tayyorlash bugungi kunning muhim vazifasi ekanligigi alohida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng viloyat hokimligi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan musobaqaning final o‘yinlariga start berildi.
Shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 200 nafardan ortiq havaskor yosh shaxmatchilar hamda 50 nafardan ortiq 18 yoshdan oshgan havaskorlar bellashgan aql bellashuvida erkaklar o‘rtasida 1-o‘rinni narpaylik Murod Amirqulov, 2-o‘rinni urgutlik Muzaffar O‘sarov, 3- o‘rinni payariqlik Sodiq Qayumov egalladi. Ayollar o‘rtasida 1-o‘rinni oqdaryolik Marjona Malikova, 2-o‘rinni paxtachilik Rohila Toshbotirova, 3-o‘rinni urgutlik Muharram Eshpo‘latova qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, shashka bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Kattaqo‘rg‘on shahrilik Abbos Ravshanovga, ayollar o‘rtasida Samarqand shahrilik Mahbuba Xalilovaga teng keladiganlar topilmadi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bellashuv davomida xalqaro grossmeysterlar - Tohir Vohidov, Aleksey Barsov hamda Ali Qosimovlar ishtirokida yosh shaxmatchilar bilan mahorat mashg‘uloti (master-klass) o‘tkazildi.
Husan Eltoyev.