She’r yodlash xotirani kuchaytiradi
Urgut tumanidagi 78-umumiy o‘rta ta’lim maktaibda “Ona tili va adabiyot fanlari oyligi” doirasida o‘tkazilgan tadbirlar o‘quvchilarni kitobga, adabiyotga qiziqishining ortishiga sabab bo‘ldi.
Fevral oyining ilk kunlaridanoq hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun munosabati bilan g‘azalxonlik kechalari tashkil etilgan bo‘lsa, keyinchalik bu tadbirlar O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning 80 yilligiga bag‘ishlangan mushoiralarga ulanib ketdi.
Yaqinda esa oylik doirasida shu maktabning sobiq o‘quvchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Isomiddin Po‘latovning “Sukunatdan so‘ng” she’riy to‘plamining taqdimot marosimi o‘tkazildi.
- Shu maktabda ona tili va adabiyotdan dars berib pensiyaga chiqqanman, - deydi Ra’no Ahmedova. – Ammo maktabda qanday tadbir bo‘lsa kelib turaman. O‘tkazilayotgan tadbirlar sabab maktabimiz o‘quvchilari ko‘plab she’rlar yod olyapti, kitobga mehri oshyapti. Bu ularning xotirasini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shogirdim Isomiddin ham o‘quvchilik davrida ko‘p badiiy kitob o‘qigan, she’rlar yod olgan, U qatori sinfdoshlari ham. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ularning aksariyati oliy ma’lumotli bo‘ldi. O‘sha sobiq sinfdoshlarning 6 nafari shu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayapti. Qaniydi, adabiyot kechalari tez-tez o‘tkazilsa?!
Tadbirda ko‘p she’r yod olgan o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qilindi.
Nayim Mahmatqulov.