Shifokorlar haqida qo‘shiq qanday yaralgan edi?
1990 yil. Qish kunlaridan birida «Sixat-salomatlik» tahririyatida iste’dodli yozuvchi-jurnalist Marhamat Muslimov bilan suhbat qurib o‘tirgan edik. Xonaga shoir Po‘lat Mo‘min kirib keldi. Gap ustida u kishi «Jonga jon shifokorlar» she’rining yozilish tarixini aytib berdi.
... Po‘lat aka Toshkent shahar 2-shifoxonasida davolanayotganida O‘zbekistonning buyuk kishilari arxeolog Yahyo G‘ulomov, uzumchilik bilimdoni Rizamat ota, tabobatimiz murabbiy professorlari Abdulla Hoshimov, Munira Tursunxo‘jayeva bilan suhbatda bo‘ladi. Shunda A.Hoshimov va M.Tursunxo‘jayeva Po‘lat Mo‘mindan gina qilib, “Ko‘plab kasb xodimlariga she’r va qo‘shiqlar bor-u, nega shifokorlar haqida qo‘shiqlar bitilmagan” deb so‘rashadi.
Xijolatda qolgan shoir kasalxonadan sog‘ayib chiqqach, «Shifoingiz» radifi bilan bir g‘azal yozib keladi. G‘azal har ikki shifokorga ma’qul bo‘lsa-da, shoirning bu bilan ko‘ngli to‘lmaydi.
Ular ham:
- Agar siz bizdan davo topmaganingizda bu g‘azalni bitmas ekansiz-da, - degan gapni aytishdi.
Shunda shoir uyiga kelib quyidagi misralarni yozadi:
Men sizdan davo topdim, jonga jon shifokorlar,
Maqsadim salomatlik,
jonga jon shifokorlar.
Insonning hayotiga, chang solsa agarda xavf,
Ilmini qurol qilgay posbon shifokorlar.
Chin dildan yuraklarga, bergaysiz davo-malham,
Mehringiz quyosh go‘yo, jonajon shifokorlar.
Bu chamanda - hayotda, odamlar ochilgan gul,
Gulzorga qarab yurgan, siz bog‘bon shifokorlar.
Ilmingiz quyoshday, qalblarga yugurgay nur,
Xalq uchun bo‘ling siz ham sog‘-omon, shifokorlar.
Keyin she’rga kuy bastalash uchun Imomjon Ikromovga olib boradi. Xonanda Abduvahob Ergashev qo‘shiq ijro etadi. Yillar o‘tishi bilan qo‘shiqqa bastakor va mashhur sozanda Komiljon Jabborov yangidan kuy bastalab, uni ijro etishni Kommuna Ismoilovaga topshiradi. Shundan so‘ng qo‘shiq o‘zining haqiqiy ijrosini topadi.
Qahramon BERDIYeV.