Shifoxonalarda tug‘ruq o‘rinlarini ko‘paytirish, tez tibbiy yordamda chaqiruvga yetib borish vaqtini qisqartirish belgilab olindi
Bu haqda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida Prezident raisligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Birlamchi bo‘g‘inni mahallagacha tushirish bo‘yicha boshlagan islohotlar samarasini oshirish lozimligi qayd etilib, oilaviy poliklinikalardan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan 272 ta mahallada tibbiyot punktlarini tashkil qilish ishlarini jadallashtirish topshirildi.
“Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda 191 nafar shifokor ish boshladi. Yana 171 ta bo‘sh o‘rinni to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.
Shifoxonalarda tug‘ruq o‘rinlarini ko‘paytirish, respublika bo‘yicha 46 ta tumanlararo perinatal markazni tashkil etish ishlarini tezlashtirish topshirildi.
Tez tibbiy yordamda chaqiruvga yetib borish vaqti 3 barobarga, xarajatlar 25 foizga qisqarishiga qaratilgan Prezident qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hokimlar, sohaga mas’ullar va ixtisoslashgan markazlar rahbarlarining hisoboti eshitildi. Ular yil yakuniga qadar va kelgusi yil uchun rejalarini ham batafsil tushuntirdi.