Shilqim Beriya - arbob qiyofasidagi yovuz kimsa...
Lavrentiy Pavlovich Beriya 1899 yilda Abxaziyada tug‘ilgan. Millati gruzin. 1919 yildan Bokudagi bilim yurtini tamomlagan. 1921-1931 yillarda ChKGPUda ishlagan. 1931-1938 yildan partiya ishida - Kavkazorti o‘lka komitetida kotib, birinchi kotib, Gruziya markaziy komiteti birinchi kotibi bo‘lib ishlagan. 1938 yildan SSSR ichki ishlar xalq komissarlari soveti raisi o‘rinbosari, raisi bo‘lib xizmat qilgan. 1941 yil SSSR xalq komissarlari raisining o‘rinbosari etib tayinlangan. KPSS va Markaziy komitetining 1953 yil iyul plenumida KPSS Markaziy komiteti va KPSS a’zoligidan chiqarilgan. SSSR Oliy Soveti prezidiumining qarori bilan ishi SSSR Oliy sudiga oshirilgan. Sud qarori bilan 1953 yil 23 dekabrda otib tashlangan.
Ushbu maqolani Beriyaning tarjimai holidan keltirmasdan ham boshlashimiz mumkin edi. Tarjimai holiga e’tibor bergan bo‘lsangiz, Beriya mansab pillapoyalaridan juda tez ko‘tarilgan. Hamyurti, hammillati bo‘lgani uchun ham I.V.Stalinning hurmatini qozongan (aslida Beriya har xil hiyla-nayrang, makr ishlatib, chaqimchilik va laganbardorlik orqali Stalinga yaqinlashish yo‘llarini qidirgan va bunga erishgan ham).
Bu katta ishonch Beriyani nihoyatda taltaytirib yuboradi. Beqiyos hokimiyatga ega bo‘lgan Beriya 40 yoshga ham yetmay, buyuk mamlakatning ichki ishlar xalq komissari bo‘ladi. Siz yuqorida tanishganingiz tarjimai hol haqida Beriya hibsga olingach, ayrim sirlari ochilib qoldi. Uni yaqindan bilgan va birga ishlaganlarning guvohlik berishicha, 1921 yilda Beriya chekistlar agenti bo‘lmagan, aksincha, oq gvardiyachilar ayg‘oqchisi bo‘lib xizmat qilgan. Lekin Beriyadan qo‘rqib bu haqiqatni hech kim ochiq ayta olmagan. Bu sirni bilganlarning deyarli barchasini esa Beriya allaqachon o‘ldirib yuborgan. Sobiq SSSRning taniqli kishilari orasida Beriyaning nomi ham tez-tez tilga olinardi. Aniqrog‘i, sobiq Ittifoqqa Stalin rahbarlik qilgan yillari Beriya mamlakatda ikkinchi shaxs hisoblanardi.
Umuman olganda, bu maqolani yozmaslik ham mumkin edi. Ayrimlar o‘tgan asrda yashagan bir qonxo‘r haqida oradan shuncha yil o‘tib yozish shartmikan, deb o‘ylashlari ham mumkin. Nega endi hozirgi navqiron yoshdagi mushtariylar bir paytlar 10 minglab o‘zbek ziyolilari ham shu qora yurak komissarning buyrug‘i bilan qatag‘on qilinganini bilmasliklari kerak?
...Beriyaning ko‘plab jazmanlari bo‘lgani haqida u ishlab turgan paytda ham ko‘plab gap-so‘zlar bo‘lgan, kichik davralarda mansabdorlar tomonidan o‘zaro muhokama ham qilingan. 1953 yilning 2-7 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan KPSS Markaziy komitetining plenumida bu haqda ro‘y-rost aytildi. O‘sha paytda KPSS Markaziy komitetining sekretari bo‘lib ishlagan N.N.Shatalin shunday hikoya qiladi: "Markaziy komitet topshirig‘i bilan Beriyaning xizmat xonasidan ayrim hujjatlarni topish vazifasi menga topshirilgan edi. Vazifani bajara turib muhim hujjatlar saqlanishi lozim bo‘lgan seyf va boshqa joylardan ko‘plab miqdordagi ayollar ichki kiyimlari va ular uchun zarur bo‘lgan boshqa qimmatbaho buyumlar chiqqanligi guruhimiz a’zolarini hayratga soldi. Ular orasida ayollar chulkisidan tortib trikolar, ro‘mollar, sport kostyumlari, turli ayollar dastro‘mollarini uchratish mumkin edi. Diqqatga tortgani, ularning barchasi chet ellarda ishlab chiqarilgandi. Shu kuni Beriyaning xizmat xonasida 29 xildagi ayollar kiyim-kechaklari topilib, ro‘yxatga olingan edi".
18 yildan ko‘proq vaqt mobaynida Beriyaning shaxsiy qo‘riqchisi bo‘lib xizmat qilgan Sarkisovning aytishicha, Beriya chet tillari oliygohi talabasi Maya ismli qiz bilan yaqindan aloqada bo‘lgan. Beriyadan homilador bo‘lgan Maya abort qildirishga majbur qilingan. 18-20 yashar Liliyadan esa Beriyaning o‘g‘li bo‘lib, yosh jazmanini o‘zining o‘rinbosari B.P.Obruchnikovning dala hovlisiga joylashtirgan. M. ismli jazmanidan orttirgan o‘g‘lini esa Moskvadagi bolalar uyiga topshirtirgan. Yana bir jazmani Sofiyani esa SSSR ichki ishlar vazirligiga qarashli sanitariya qismi boshlig‘i Voloshinning shaxsan o‘zi homilasini tushirgan. Shunisi qiziqki, Beriyaning topshirig‘iga ko‘ra qo‘riqchilar boshlig‘i Beriyaning qancha ayol bilan yaqin aloqada bo‘lganining ro‘yxatini tuzib borgan. Sarkisovning aytishicha, 25 nafar ayolning ismi, familiyasi, turar joyi, telefon raqami yon daftarchasiga yozib borilgan. "Ishonmasangizlar uyimdagi kamzulim cho‘ntagida ro‘yxat turibdi, olib ko‘rishlaringiz mumkin", dedi u. Ro‘yxatni topib keltirishganda unda 25 ta emas, 39 ta familiya qayd etilgan ekan. Beriyaning sudida davlat qoralovchisi bo‘lgan SSSR Bosh prokurori Rudenkoning aytishicha, keyinchalik bu raqam 62 taga yetgan va bu familiyalarni Sarkisov va Nadariyalar 9 ta ro‘yxat bo‘yicha yozib borgan. Bularni so‘roq paytida Beriyaning o‘zi ham tan olgan. Shuningdek, 7-sinf o‘quvchisi bilan aloqasi tufayli bola orttirgani haqida ham aytib bergan va "qizchaning roziligi bilan bu ish sodir bo‘lgandi", deb o‘zini oqlamoqchi bo‘lgan. Sobiq KPSS Markaziy komiteti birinchi kotibi N.S.Xrushchevning yozishicha, Beriya ko‘zga yaqin ayollarni har xil yo‘llar bilan kabinetiga yoki dala hovlisiga chaqirtirgan va dohiy Stalinning sog‘lig‘i uchun qadah ko‘tarishlarini talab qilgan. Vinoga esa uyqu dori yoki boshqa tez ta’sir qiluvchi dorilardan qo‘shib qo‘yishni unutmagan...
Sarkisovning guvohlik berishicha, fohishalar bilan yaqin aloqada bo‘lgan Beriya (sifilis) kasaliga yo‘liqqan. Buni so‘roq paytida o‘zi ham tan olib, 1943 yilda so‘zaqdan davolanganini aytgan.
L.Beriya ko‘ziga yaxshi ko‘ringan ayollar bilan to yaqin aloqada bo‘lmaguncha, agar ular qarshilik ko‘rsatsalar, razillarcha munosabatda bo‘lgan. Chunki har qanday bokira ayol ham tepakal, ko‘zidan ko‘zoynagi sira tushmaydigan xotinboz bilan aloqada bo‘lishni xushlamagan. Iffatli, oilasiga sodiq bo‘lgan ayollar Beriyaning shartiga ko‘nmagani uchun qamalgan yoki turli yo‘llar bilan shahardan badarg‘a qilingan. Ayrimlarining erlari esa hech bir sababsiz, turli bahonalar bilan qamattirib yuborilgan. Bu Beriyaning ehtiyotkorligi edimi yoki boshqa bir maqsadni ko‘zlaganmi, bunisi bizga qorong‘i. Lekin Beriyaning jazmanlari uchun mablag‘ni ayamagani, ularga erishish uchun hech narsadan tap tortmagani haqiqatga ancha yaqinga o‘xshaydi. Uning jazmanlari orasida izsiz yo‘qolganlari ham ko‘p bo‘lgan.
Tayyorlovchi: Izzatulla NORQUVVATOV.