Shkafda yashiringan ota – jamiyat og‘rig‘i

Zarnews.uzning Telegram kanalida aliment to‘lamay noma’lum joyda yurgan otaning topilganligi haqidagi xabarni o‘qib, yuragim og‘ridi. Majburiy ijro byurosi xodimlari farzandining moddiy ta’minoti uchun to‘lovlarni amalga oshirmay kelayotgan, natijada qarzi 60 million so‘mga yetgan va anchadan beri yashirinib yurgan otani yashash xonasining shkafi ichida topishibdi.
Kimgadir bu kulgilidir, ammo meni chuqur o‘yga soldi. Ushbu voqea nafaqat ota-ona muammosi, balki butun jamiyat uchun og‘riqli. Albatta, ajrimlar sabab hayotimizda ana shunday achinarli holatlar ro‘y beryapti. Ota erkak kishiga xos bo‘lmagan ishni qilgan, ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor.
Ona, ya’ni ayolning ham aybi bo‘lishi mumkin. Ular nega ajrashgani noma’lum, ammo bugungi kunda ajrimlar sonining ortishiga sabab bo‘layotgan omillar ko‘p. Masalan, iqtisodiy qiyinchiliklar, migratsiya sabab er va xotin bir-biridan uzoqda yashashi, axloqiy yetishmovchilik, ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan "erkinlik" tushunchasining noto‘g‘ri talqini va eng asosiysi – bir-birini tinglamaslik, tushunmaslik. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin...
Ajrimlar soni ortishi bilan har yili minglab bolalar yo otasiz, yo onasiz muhitda o‘smoqda. Bolalikda yetishmagan mehr, katta bo‘lganida nafaqat g‘urursizlikka, balki jamiyatga nisbatan nafratga aylanib borishi mumkin. Ota-onasidan uyalib yuradigan, ya’ni “mening otam shkafdan topilgan” degan gap shunchaki emas – bu bir insonning butun hayotiga salbiy ta’sir qiluvchi jarayon.
Bugun ajrashayotgan har bir oila avvalo farzandi haqida o‘ylashi kerak. Chunki qarzlar yopiladi, kunlar o‘tadi, odamlar kechiradi... Ammo bolaning xotirasidagi og‘riq – umrbod qolishi mumkin.
Bu voqea bizga oddiy bir narsani eslatadi: mas’uliyatdan qochib bo‘lmaydi. Ota-onalik – bu faqat bolani dunyoga keltirish emas, balki unga tarbiya, mehr-muhabbat berish va kerak bo‘lsa o‘z xohishi, g‘ururi, manfaatlarini bir chetga surishdir. Erkaklar uchun bolasini ta’minlash — sharaf, ona uchun esa uni muhofaza qilish — farz. Farzand uchun esa ota-ona — butun dunyo.
Har bir bola – bu jamiyatning kelajagi, uning nuri va umidi. Biz farzandlarimizga munosib ota-ona bo‘lish uchun faqat moddiy tomondan emas, balki ma’naviy va ruhiy jihatdan ham mas’uliyatni anglab yetishimiz kerak. Ajrimlar va turmushdagi muammolar faqat ikki kishining masalasi emas, bu – butun jamiyatning sinovidir. Shu sababli, har birimiz oila qadriyatlarini asrab-avaylash, bolalarning sog‘lom va baxtli o‘sishi uchun birga harakat qilishimiz zarur. Chunki haqiqiy kuch – bu birdamlikda va muhabbatda. Agar jamiyatimiz har bir farzand uchun muhit yarata olsa, ular esa o‘z otasi va onasi bilan g‘ururlanadigan avlod bo‘lib o‘sadi.
Umida KARIMOVA,
SamDChTI katta o‘qituvchisi.